Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi
Pekin safarida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi, SHHT sammitida muhim tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi.
Davlatimiz rahbari tashrif davomida keng qamrovli uchrashuvlar, sammitlar va muzokaralarda ishtirok etdi.
31 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev turmush o‘rtog‘i bilan birga Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining norasmiy tadbirlarida qatnashdi.
1 sentyabr kuni esa SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda “SHHT+” formatidagi uchrashuvda so‘zga chiqib, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
2 sentyabr kuni Pekin shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasida rasmiy delegasiyalar ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, ikki tomonlama aloqalarning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Shu bilan birga, Xitoy Bosh vaziri Li Syan, xorijiy delegasiyalar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari bilan samarali muloqotlar o‘tkazildi.
3 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy paradda ishtirok etdi.
Rasmiy tashrif yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib ketdi. Oliy martabali mehmonni Xitoy tomoni tantanali ravishda kuzatib qo‘ydi.
