Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Italiya bosh vaziri bilan uchrashdi
19 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda qisqa fursatga to‘xtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston – Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
2025 yilning may oyida Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalarning soni barqaror o‘sib bormoqda. Hududlararo, shu jumladan, Lombardiya bilan almashinuvlar rivojlanmoqda. O‘zbekiston fuqarolarining tartibli mehnat migrasiyasi uchun kvotalar ajratildi.
“Finopera”, “ANCI”, “Pietro Fiorentini”, “Danieli” va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda yirik sanoat kooperasiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil oxirida Samarqandda Tushia universitetining filiali ochildi.
Joriy yilda tashqi siyosat idoralari strategik muloqoti va hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishlari, shuningdek, ikkinchi Rektorlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
To‘qimachilik sanoati, geologiya, energetika, kimyo, qurilish materiallari, moliya bozori va boshqa ustuvor sohalardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Italiyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Italiya kinosi kunlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zbekistonning navbatdagi Venesiya biyennalesida ishtirok etishi hamda bu yil Milanda amaliy san’at va muzey ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qildi.
