Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga portlashni o‘rganish uchun ishchi guruh jo‘natdi

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga portlashni o‘rganish uchun ishchi guruh jo‘natdi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning aytishicha, Sirdaryo viloyatidagi harbiy qurol-yarog‘ saqlanadigan omborlardan biridagi portlash haqida davlat rahbariga zudlik bilan xabar berilgan.

— Bunday texnogen xarakterdagi hodisalar haqida prezidentga zudlik bilan xabar beriladi. Ushbu vaziyatda ham davlat rahbariga tezlikda axborot berildi va Prezidentimiz tomonidan tegishli tashkilot hamda idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh hodisa joyiga yuborildi.

Ishchi guruh darhol talofotlar tahlili bilan shug‘ullandi. Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda viloyat hokimi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, talofotlar oqibatini tezda bartaraf etish bo‘yicha ish boshlandi, — deyilgan xabarda.

Shuningdek, Asadov yakka portlash iborasiga aniqlik kiritib ketgan. Yakka portlash — keyinchalik hech qanday detonasiya bermaydigan portlashdir.

Texnogen xodisa ro‘y bergan ombor XX asrning 40 yillarida qurilgan bo‘lib, ilgari texnik qoidalarga ko‘ra bunday omborlarda katta qurol-yarog‘ saqlanar edi. Ammo 2016 yildan so‘ng barcha omborlar rekonstruksiya qilinmoqda. Barchasining atrofida jahon standartlariga ko‘ra kichik omborlar qurilmoqda va ularda kam miqdorda qurol-yarog‘ saqlanmoqda.

Barcha ob’ektlarda jahon standartlariga ko‘ra qo‘yiladigan talab asosida injener-muhandislik ishlari olib borilmoqda. Natijada portlash sodir bo‘lgan taqdirda ham imkon qadar zarar keltiruvchi jismlarning atrofga sochilishining oldi olinadi.

Sirdaryo viloyatidagi portlash ham shunday omborlardan birida sodir bo‘lgan va xavfsizlik talablariga amal qilingani tufayli katta talofot bo‘lmadi. Asosiy zararlanish ham yon-atrofdagi binolarning tom va oyna qismiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, portlash to‘lqini tufayli binolarga qisman zarar yetsa ham, turli jismlar tarqashining oldi olindi.

Bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!