Rossiyaning neft eksportidan tushadigan daromadlari so‘nggi to‘rt yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi — Iqtisodchilar
Rossiya iqtisodiyotining neft eksportidan oladigan kunlik o‘rtacha daromadlari ikki baravar, ya’ni 135 million dollardan 270 million dollargacha oshdi. Yetkazib berish hajmi esa Ukrainada urush boshlangandan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu o‘sish Yaqin Sharqdagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi natijasida jahon bozorida neft narxi ko‘tarilgani bilan izohlanmoqda.
Evropa tahlil va strategiya markazi asoschisi Vladislav Inozemsevning fikricha, ushbu urush Rossiya uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lib chiqmoqda:
– Fevral oyida eksport neftining o‘rtacha narxi bir barrel uchun 41,5 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, mart oyining ayrim kunlarida bu ko‘rsatkich 100 dollardan oshdi;
– Mart oyida neft eksporti dollar ekvivalentida 60 foizga, aprelda esa (fevralga nisbatan) 90 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu byudjetga qo‘shimcha 3-4 milliard dollar mablag‘ olib keladi.
– Agar neft narxi iyun oyigacha shu darajada saqlanib qolsa, Rossiya byudjet taqchilligidan qutilishi va o‘tgan yilgi rejani oshig‘i bilan bajarishi mumkin.
"Bu daromadlar Rossiya iqtisodiyotida jiddiy ijobiy o‘zgarishlarga olib kelmaydi. Barcha qo‘shimcha mablag‘lar faqat byudjetdagi kamchiliklarni yopishga sarflanadi, xolos", - deya ta’kidladi ekspert.
