Braziliya sudi “Apple” va “Google” kompaniyalarini $3 mln miqdorida jarimaga tortdi
Braziliya sudi “Apple” va “Google” kompaniyalariga 19 mln Braziliya reali (tahminan $3 mlnda ortiq) miqdorida jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan. Bu haqda “UOL” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikkala kompaniya ham “FaceApp” ilovasining tarqatilishi uchun javobgar deb topilgan. Bu ilova esa o‘z navbatida foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy yig‘ishda ayblanmoqda.
Braziliya qonunchiligiga ko‘ra, platformalar odamlarning roziligisiz ommaviy va noto‘g‘ri tarzda shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash huquqiga ega emas. “FaceApp” ushbu qonunni buzishdan tashqari, ilova portugal tilida foydalanish shartlari va maxfiylik siyosatini ham taqdim etmaydi.
Jarimadan tashqari, “Apple” va “Google” har bir Braziliya fuqarosiga 500 real (taxminan $81,29) miqdorida tovon to‘lashga majbur. Bunda 2020 yil iyun oyidan boshlab ilovani o‘rnatgan va undan foydalanib kelgan barcha braziliyaliklar bu to‘lovga da’vogar bo‘lishi mumkin.
Hozirgi vaqtda “Apple” va “Google” sud qarori bo‘yicha apellyasiya berish imkoniyatiga ega, agar sud ishida yutqazsalar, Braziliya aholisi taxminan 220 mln kishi ekanligini hisobga olgan holda, ular milliardlab dollar to‘lashga majbur bo‘ladi.
Biroq, ikkala korporasiya ham sudning ushbu qarorlariga qarshi chiqib, ular “FaceApp"dan foydalanish shartlari va maxfiylik siyosatini nazorat qilmayotganini” ta’kidlashmoqda.
“Apple” esa o‘z navbatida, ma’lumotlar xalqaro qonunchilikka muvofiq to‘planganligi sababli, “FaceApp"dan foydalanish shartlari uchun javobgar emasligini qo‘shimcha qilmoqda.
O‘z navbatida, Braziliya sudi boshqacha fikrda bo‘lib, ikkala kompaniya ham “FaceApp” ishlashi uchun infratuzilma va sharoitlarni ta’minlash orqali iste’molchilar zanjirida faol rol o‘ynaydi deb ta’kidlamoqda.