Kanadada O‘zbekiston bosh konsulxonasi ochilishi mumkin
O‘zbekistonda Kanada, Braziliya va Amerika qit’asining boshqa yetakchi davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan.
Xususan, loyihada Kanadada O‘zbekiston bosh konsulxonasini ochish masalasini ishlab chiqish taklif etilmoqda.
Kanadaning Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchisi Alan Xemson hisoblanadi. O‘zbekistonning AQSH, Braziliya va Kanadadagi elchisi Furqat Sidiqovdir.
Bundan tashqari, Kanada, Braziliya va Kuba bilan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Boshqa takliflar qatorida Braziliya, Kanada, Argentina va boshqa yetakchi davlatlarning salohiyatli kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va turli iqtisodiy tadbirlarni tashkil etish mavjud.
Shuningdek, Kuba bilan sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Loyihada Lotin Amerikasidagi qishloq xo‘jaligi rivojlangan mamlakatlarning tegishli vazirliklari va davlat organlari bilan hamkorlik o‘rnatish va tajriba almashish taklif etilmoqda.
Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, madaniyat va sport sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va Lotin Amerikasi mamlakatlarida o‘tkaziladigan turli tadbir va festivallarda madaniyat va sport sohasi vakillarining ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan.
Ushbu vazifalarning barchasini 2025 yil yakuniga qadar amalga oshirish taklif etilmoqda.