Samarqanddagi “Omonqo‘ton” bog‘iga zo‘ravonlik bilan kirib, daraxtlarga jiddiy shikast yetkazishgan
Samarqanddagi “Omonqo‘ton” bog‘iga zo‘ravonlik bilan kirib, daraxtlarga jiddiy shikast yetkazishgan. Bu haqda Ekologiya vaziri matbuot kotibi Lola Rahmonboyeva o‘z sahifasida ma’lum qildi.
"Kuni kecha Samarqandga borib, Ekologiya vazirligi tasarrufidagi «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘ida bir necha tup daraxt va o‘simliklarga zarar yetkazilganligiga guvoh bo‘ldim.
Mahalliy mutaxassislardan holatga izoh so‘raganimda, Milliy bog‘ hududiga noqonuniy kirilgani, bir nechta daraxt va o‘simliklarga jiddiy shikast yetkazilganini aytishdi", deb yozadi L.Rahmonboyeva.
Ma’lum bo‘lishicha, 5 nafar fuqaro Milliy bog‘ga «Yo‘lsoy» bo‘limida joylashgan sobiq oromgoh hududi orqali ruxsatsiz va hech qanday hujjatsiz ekskavator va buldozerlar bilan kirib borgan. Bog‘ rahbariyati tabiat bog‘i muhofaza etiladigan tabiiy hudud ekanligi, bu yerga ruxsatsiz kirish, qurilish va qazish ishlarini olib borish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan hamda hududdan chiqib ketishni talab qilgan.
Shunga qaray, fuqarolar noqonuniy tarzda bog‘ hududiga kirishda davom etishgan va bir necha daraxtlar va o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazishgan.
2 avgust kuni kech soat 18:00 larda milliy tabiat bog‘i xodimlari tomonidan qonunbuzarlik holati to‘liq to‘xtatilgan.
Ekologiya vaziri matbuot kotibining yozishicha, vazirlik tomonidan yuqoridagi holat yuzasidan tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Ta’kidlash lozimki, «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘i tabiatni asrash, bioxilma-xillikni saqlash, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishda eng muhim ahamiyatga ega ob’ektlardan biri hisoblanadi. Bu yerda 1300 turdan ortiq o‘simlik, noyob, qimmatbaho daraxtlar, 126 turdan ortiq umurtqali hayvon, 100 turdan ortiq qush uchraydi. O‘simliklarning 101 turi muhofazaga muhtoj hisoblanadi. Noyob hayvonlar va qushlarning 9 turi esa Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxati va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.