Saida Mirziyoyeva: "Men o‘z hayotimni xizmat qilishga bag‘ishlayapman"
O‘zbekiston Prezidenti administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga o‘zining ilk katta intervyusini berdi. Boshlovchi Kirill Altman bilan muloqotda u hokimiyat tizimidagi o‘rni, otasi — prezident Shavkat Mirziyoyev bilan munosabati, ish uslubi, so‘nggi to‘qqiz yil ichidagi o‘zgarishlar va davlat xizmati uning uchun nimani anglatishi haqida gapirdi.
«Men xizmatchiman»
Intervyu avvalida Kirill Altman Saida Mirziyoyeva haqida u qadar ko‘p narsa ma’lum emasligini ta’kidlab, unga o‘zini qanday ta’rif etishi haqidagi savolga javob berishni taklif qildi.
«Menimcha, sizning nazaringizda kim ekanimni aytishingiz kerak. Bu menga ham qiziq. Chunki o‘zi menga fidbek berishayotgani yo‘q», — dedi u.
O‘zini eng ko‘p kim sifatida his qilayotgani haqidagi aniqlashtiruvchi savolga Mirziyoyeva to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berdi:
«Men xizmatchiman. Men birinchi navbatda otamga xizmat qilaman, chunki u mening hayotimdagi juda katta figura».
U otasi uni tug‘ilganidanoq mustaqil shaxs sifatida tarbiyalagani va unga shunga yarasha munosabatda bo‘lganini aytdi. Mirziyoyevaning fikricha, bu uning uzoq kutilgan, qolaversa, ham ona, ham ota tomonidan oiladagi ilk farzand bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu sababli har ikki tomon ham unga yosh bola deb emas, balki shaxs sifatida qaragan.
Saida Mirziyoyeva xarakterining shakllanishida aynan otasining o‘rni katta bo‘lganini, uni mas’uliyatga va qaror qabul qilishda qat’iylikka o‘rgatganini ta’kidladi. Oilada iyerarxiyaga rioya etish va kattalarni hurmat qilish qat’iy qoida bo‘lgan: unga singlisi Shahnoza Mirziyoyeva ham «siz» deb murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oilada shakllangan muhit va tartib-qoidalarning ifodasi bo‘lgan.
«Dadam meni «Saida aytdimi — tamom» degan ruhda shakllantirgan. Hamma menga «siz» deb murojaat qilardi, hatto mendan bir yarim yosh kichik singlim ham. U meni doim «siz»lardi… chunki tartib shunday bo‘lgandi. Va men anglab yetdimki, ota-onamiz bolaligimizdanoq bizni aynan shu iyerarxiya, ya’ni «katta — bu bosh, katta — bu muhim» degan tartibda tarbiyalagan ekan. Ayni damda men o‘z hayotimni xizmat qilishga bag‘ishlayapman, desam bo‘ladi. Men shunchaki foydam tegishini istayman. Hatto farzandlarimni ham aynan shu ruhda tarbiyalayapman», — dedi u.
«To‘qqiz yildan beri erta-yu kech uning yonidaman»
Boshlovchining u siyosiy maydonga «organik» shaklda kirib kelgani haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan, Saida Mirziyoyeva buning ortida ko‘p yillik mehnat turganini ta’kidladi:
«Aslida, mana to‘qqiz yildirki, men har kuni ertalabdan kechgacha u kishi bilan yelkama-elkaman. Mening shaxsiy hayotim yo‘q hisobi. Kunim administrasiyada boshlanadi, ish tugashi bilan esa uyga yuguraman. Dadam bilan ba’zan birga qaytamiz. Ba’zida esa men uyga shoshilaman, hamma nevaralari bobosini kutib olishi uchun bolalarni yig‘aman».
