Rossiyada migrantlar mehnatiga soliq joriy etish taklif qilindi
Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin «Interfax»ga bergan intervyusida xorijliklar o‘rtasidagi jinoyatchilik, noqonuniy migrasiya xavfi va migrasiya siyosatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar haqida gapirdi.
«Ijtimoiy keskinlikni pasaytirish maqsadida mehnat migrantlarini Rossiya fuqarolari bilan almashtirish, vatandoshlarni munosib darajada ijtimoiy va mehnat kafolatlari bilan ta’minlash bo‘yicha yo‘l xaritasini shakllantirish maqsadga muvofiqdir. Rossiya fuqarolari orasidan ishchi kuchidan foydalanishning rotasion usulini joriy etish, ularni iqtisodiy rivojlanish darajasi past bo‘lgan hududlardan ko‘p sonli ishchilarni jalb qilish zarur bo‘lgan hududlarga ko‘chirish mexanizmini ishlab chiqish lozim», dedi u.
Bundan tashqari, Bastrikin ish beruvchilar zimmasiga mehnat migrantlarini uy-joy bilan ta’minlash, Rossiyadagi ish joyiga borish va mehnat shartnomasi tugaganidan keyin mamlakatdan chiqib ketish uchun transport xarajatlarini qoplash majburiyatini yuklashni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
«Chet el ishchi kuchidan foydalanganlik uchun salmoqli soliqni joriy qilish lozim, Rossiya mehnat resurslaridan foydalanuvchi tadbirkorlarni esa iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmini ham ishlab chiqish kerak», dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy migrasiya jarayonlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida asosiy muammolardan biriga aylangan va ijtimoiy keskinlikning kuchayishiga, shuningdek, etnik va diniy asosdagi nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri hisoblanadi.
Tergov qo‘mitasi rahbarining ta’kidlashicha, migrasiya qonunchiligini buzish sohasida jinoyatlarning aksariyatida korrupsiya yo‘nalishi mavjud.
«Noqonuniy migrasiya noqonuniy tadbirkorlik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular daromad manbai sifatida ularning oqimidan bevosita manfaatdordir. Agar bu muammoni bir butun sifatida oladigan bo‘lsak, milliy asosda birlashgan noqonuniy migrantlarning jinoiy tuzilmalari nazoratsiz tovarlar va xizmatlar bozori, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, noqonuniy savdoni amalga oshirish, jumladan, qalbaki spirtli ichimliklar, qalbaki hujjatlar, sertifikatlar va muhrlar tayyorlash va sotish, giyohvandlik vositalarini tashish va sotish kabi jinoyatlarni sodir etishadi», dedi Bastrikin.
