Rossiyada GM Uzbekistan, «O‘zavtosanoat» va Avtosanoat Invest’dan taxminan 10 mln dollar undirishmoqchi
Bankrot bo‘lgan dilerlik «O‘zDEU Avto-Ufa» MCHJning arbitraj boshqaruvchisi kompaniya sobiq rahbariyatini subsidiar javobgarlikka tortishni talab qildi.
Uning fikricha, uchta kompaniya va besh menejer 778,2 million rubl (10 million dollardan ortiq) pul to‘lashi kerak, deya yozadi «Realnoye Vremya».
Rahbariyat xatti-harakatlarini atayin bankrot qilish sifatida hisoblash mumkin, deyiladi bankrotlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar reestrida e’lon qilingan bayonotda.
Ta’kidlanishicha, bosh kompaniyalar «O‘zDEU Avto-Ufa»ga o‘zlaridan kam likvidli avtomobillar xarid qilish uchun kreditlar olish majburiyatini yuklagan.
Shuningdek, kompaniya faoliyatga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan shaxslar bilan jamiyatning bankrotlik jarayoni ustidan nazoratni qo‘lga kiritish maqsadida kelishuvlarga erishgan.
Bundan tashqari, rahbariyat 108 million rubllik (qariyb 1,5 million dollar) qarzlarni qaytarish uchun harakat qilmagan.
Boshqaruvchining fikriga ko‘ra, O‘zbekistonning «Avtosanoat invest» MCHJ, «Jeneral Motors O‘zbekiston» AJ va «O‘zavtosanoat» AKdan deyarli 778,2 mln rubl (11,4 mln dollar) undirish lozim.
«O‘zDEU Avto-Ufa»ning bankrotligi 2017 yilning avgustida boshlangan. Boshqirdiston arbitraji o‘sha yilning noyabr oyida kompaniyani bankrot deb topdi.
Manba: kun.uz
