Rossiya Ukraina shaharlariga halokatli bombalar tashlamoqda
Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, seshanba kuni Rossiyaning Xarkovga zarbalari natijasida kamida 30 kishi jarohatlangan.
"Bosqinchilarning Xarkovga navbatdagi zarbalari. Oqibatda bir kunda ikki kishi halok bo‘ldi, 30 dan ortiq kishi yaralandi. Oqibatlarni bartaraf etish davom etmoqda, barcha xizmatlarga - FVDT, favqulodda yordam, polisiya, prokuratura, kommunal xizmatlar, ko‘ngillilarga rahmat," - deb yozdi u telegramda.
Mahalliy prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Xarkovning Saltov tumanida "aviasiya snaryadlari zich aholi yashaydigan hududdagi suv havzasi yoniga tushgan." Natijada 69 yoshli ayol va 73 yoshli erkak halok bo‘lgan. Shuningdek, Xarkovning boshqa tumanlariga va shahar atrofiga ham zarba berilgani qayd etilgan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Belgorod viloyatidan FAB-250 aviabombalari bilan zarba bergan. O‘q otish uchun ikkita Su-34 samolyoti ishlatilgan. Rossiya rasmiylari bu bayonotlarga izoh bermadi.
Bundan tashqari, Donetsk viloyatidagi front chizig‘idan uzoq bo‘lmagan Konstantinovka shahriga havo hujumi natijasida ayol kishi halok bo‘ldi, yana olti kishi yaralandi, dedi viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari shaharga uchta KAB-250 aviabombalarini tashlagan. "Ikki bomba ko‘p qavatli binolarga va bitta bomba o‘quv muassasasiga tushdi," - deb yozdi Filashkin.