Rossiya - Ukraina: KXDR askarlari frontning old qismida jang qiladi
Pentagon fikricha, 10 000 ga yaqin Shimoliy Koreya askarlari Rossiya sharqida harbiy tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Ular asosiy ruscha buyruqlarni o‘zlashtirgandan so‘ng Rossiya - Ukraina urushida oldingi safda turib jang qilishi mumkin. Bu haqda Janub qonunchilari mamlakat razvedka xizmatiga tayanib aytmoqda.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati "Shimolning ayrim mulozimlari, jumladan yuqori martabali harbiy amaldorlar oldingi chiziqqa o‘tish ehtimolini tahlil qilmoqda", degan fikrni ilgari surgan.
Rus qo‘mondonligi KXDR askarlariga “o‘t och”, “to‘xta” kabi 100 ga yaqin asosiy harbiy so‘zlarni o‘rgatmoqda. Tabiiyki, harbiylar muloqot jarayonida qiynalayotgani aniq. Til bo‘shlig‘i bartaraf etiladimi yoki yo‘q, bu ham noma’lum.
Janub taxminiga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘z yetakchisi Kim Chen Inni himoya qilish va askarlari RF hududiga joylashtirilishi haqidagi xabarlar mamlakat ichida tarqalishining oldini olish maqsadida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirdi. Masalan, amaliyotda ishtirok etayotgan zobitlarga telefondan foydalanish taqiqlangan, askarlarning oilalariga ularning yaqinlari shunchaki "harbiy mashg‘ulotda" qatnashayotgani aytilgan.
Agar ma’lumotlar rost bo‘lib chiqsa, bu Shimoliy Koreyaning xalqaro mojaroga birinchi marta jiddiy aralashuvi bo‘ladi. KXDR 1,2 million askari bilan dunyodagi eng yirik armiyalardan biriga ega, ammo qo‘shinning aksariyatida jangovar tajriba yo‘q.
Kreml avvaliga Shimol qo‘shinlari mamlakatga kiritilgani haqidagi ayblovni rad etgan edi. O‘tgan hafta Rossiyada bo‘lib o‘tgan BRIKS sammitida esa Prezident Vladimir Putin Pxenyan mamlakatga askar yuborganini inkor etmadi. Ayni payt Kim Chen In hukumati Ukraina bilan urushga yordam berish uchun qo‘shin yuborish xalqaro qonunlarga mos kelishini iddao qilgani haqida tasdiqlanmagan fikrlar ham mavjud.
KXDR tashqi ishlar vaziri Choe Son Xui dushanba kuni Rossiyaga keldi. Bu amaldorning RFga olti hafta ichidagi ikkinchi marta rasmiy safari. U ehtimol, mamlakat qo‘shinlarini yuborish va buning evaziga nima olishini muhokama qilish uchun borgan bo‘lishi mumkin.