Rossiya SSV delegasiyasi G‘alaba bog‘i bilan tanishdi

Rossiya SSV delegasiyasi G‘alaba bog‘i bilan tanishdi

Kecha yurtimizga Rossiya Federasiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurib, mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishmoqda.

Delegasiya a’zolari Cog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev bilan uchrashib, sohada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Mehmonlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham bo‘lib, koronavirusni davolash borasidagi O‘zbekiston tajribasi bilan tanishdi va O‘zbekistonda qisqa fursatlarda shunday ulkan majmuaning barpo etilgani tahsinga loyiq ekanini ta’kidlashdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, yurtimizda ushbu universitetning filiali tashkil etiladigan bo‘ldi.

Filialning klinik bazalari sifatida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, muassasani joylashtirish uchun esa Chilonzor tibbiyot kolleji tanlangan. Delegasiya a’zolari ushbu uchta muassasalarda ham bo‘lishdi.

Bundan tashqari, mehmonlar Bolalar milliy tibbiyot markazida ham bo‘lib, bu muassasaning tibbiyot sohasidagi zamonaviy talablar asosida qurilgani, jihozlangani va kadrlar bilan ta’minlanganini e’tirof etishdi.

Bugun esa delegasiya a’zolari yurtimizda Toshkent shahrining Olmazor tumanida 12 gektar maydonda barpo etilgan G‘alaba bog‘ida bo‘lishdi. G‘alaba bog‘i har biri alohida mavzuga ega bo‘lgan ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchisida o‘zbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, ikkinchisida front ortidagi respublika hayoti aks etgan.

Shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistondan 1 million 500 ming nafarga yaqin kishi ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1 million 951 ming nafarga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Shuningdek, 200 ming nafardan ziyod askar va ofiserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani hujjatlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.

Shuningdek, yangi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming nafar kishi, jumladan, 250 ming nafardan ziyod bola evakuasiya qilingan. Xalqimiz ularga o‘z uyidan joy berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rgan.

Delegasiya a’zolari ulkan majmua bilan tanishar ekan, O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan hissasi yuqori ekani, hatto front ortida ham yurtdoshlarimiz halovatdan voz kechib, tinimsiz mehnat qilgani, jang maydonlariga samolyot va tanklar, qurol-yarog‘, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib turganini e’tirof etishdi.

Shu bilan Rossiya Federasiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegasiyasining yurtimizga tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi.

Tomonlar tibbiy ta’lim, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam, onkogematologiya, jumladan, bolalar onkogemotologiyasi xizmatini rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik, jamoat salomatligi kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!