Rossiya rasmiy ravishda Yevropa Ittifoqining “pul yuvadigan mamlakatlar” ro‘yxatiga kiritildi
Evropa Ittifoqining Rossiyani “pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish bo‘yicha xavf darajasi yuqori davlatlar” ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi qarori kuchga kirdi. Yevrokomissiya mazkur qarorni 2025 yil 3 dekabrda tasdiqlagan edi.
EI oliy diplomati Kaya Kallasning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya uchun Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirishni qiyinlashtirishi lozim. “Menimcha, Rossiyani haqiqiy muzokaralarga majburlash uchun har qanday bosim usulidan foydalangan ma’qul” — deya qo‘shimcha qilgan oliy diplomat.
Shuningdek, YEI ro‘yxatiga kiritilish avtomatik ravishda Rossiyaga bog‘liq operasiyalarni taqiqlamaydi. Barcha moliyaviy amaliyotlar YEIdagi banklar, sug‘urta kompaniyalari, ko‘chmas mulk agentliklari va boshqa vositachilar tomonidan kuchaytirilgan monitoringdan o‘tadi.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bu eng avvalo Ittifoqda yashovchi va moliyaviy tizimdan tez-tez foydalanuvchi rossiyaliklarga ta’sir qiladi. Shuningdek, ular YEIga kirishga harakat qilayotgan rossiyaliklar ham muammoga duch kelishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Rasmiy jihatdan operasiyalarga batafsil tekshiruvdan keyin ruxsat etiladi, ammo amalda banklar bunday mijozlar bilan ishlamaslikni afzal ko‘rishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Anti-Money Laundering Authority (AMLA) Yevropa ro‘yxatiga kiritilgan 30-davlat bo‘ldi. Ushbu ro‘yxatda Shimoliy Koreya, Afg‘oniston, Eron, Yamayka, Suriya va boshqa davlatlar ham mavjud.
