32 nafar mas’ul xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan

AOKAda o‘tkazilgan galdagi brifing “O‘zbekneftgaz” AJ moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tomonidan joriy yil birinchi chorakda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlandi.
Ushbu tashkilotning moliyaviy va komplayens nazorat departamenti boshlig‘i Erkin Omonovning aytib o‘tishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan 2024 yil yakuni bo‘yicha reytingda jamiyat 92 ball to‘plab, beshinchi o‘rinni egallagan.
Qayd etilgani kabi o‘tgan davrda departament xodimlari tomonidan 1 ta kompleks va 3 ta mavzuli o‘rganish hamda 1 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lib, xato-kamchiliklar aniqlangan. Hozirga qadar ularni bartaraf etilishi ta’minlangan. 4 ta o‘rganish hujjati huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun yuborilgan.
Aniqlangan xato-kamchiliklar yuzasidan 32 nafar mas’ul xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan bo‘lsa, 1 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilib, boshqa ishga o‘tkazilgan. 2 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.
Markaziy apparat tomonidan xarid jarayonlarini monitoring qilish davomida 211 ta bayonnoma, shartnomalar, qo‘shimcha kelishuv loyihalari belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilgan. Hududiy komplayens inspektorlari 1 398 ta shartnomani o‘z muddatida ko‘rib chiqib, xato-kamchiliklar aniqlagan.
– Korrupsion holatlarning oldini olishga har bir xodim mas’uldir. Shunga ko‘ra, tizimdagi rahbar va mas’ul xodimlar 2 653 ta manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklarasiya to‘ldirgan. Jumladan, korxonalarda jami 136 ta, shundan 18 ta real va 118 ta potensial manfaatlar to‘qnashuvi holati mavjud bo‘lsa-da, real manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish uchun mas’ullar tomonidan choralar ko‘rilmaganligi aniqlanib, tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yo‘riqnomaga muvofiq, hududiy komplayens inspektorlari 74 ta ishga kiruvchi nomzod o‘rganib, shundan 72 ta holatda “ijobiy” va 2 ta holatda “salbiy” xulosa bergan, – dedi E.Omonov.
Shuningdek, tadbirda korrupsion holatlarga qarshi kurashishga doir zarur bilim hamda ko‘nikmaga ega bo‘lish maqsadida o‘quvlar tashkil etilayotganiga urg‘u berildi. Unga ko‘ra, jamiyat tasarrufidagi 22 ta boshqarma va korxonada 4 mingdan ortiq xodim ishtirokida 60 ga yaqin seminar-trening tashkil etildi. Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasida shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida o‘tkazilgan onlayn o‘quv mashg‘ulotlarida 300 nafarga yaqin xodimi ishtirok etib, guvohnomalarga ega bo‘ldi.
Departament boshlig‘ining ta’kidlashicha, xarid shartnomalarini tuzish hamda mablag‘ ko‘chirish bilan bog‘liq so‘rovlariga asosan 30 ta chet el va mahalliy korxonaning sanksiyaviy ro‘yxatlarda mavjudligi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazilib, tegishli xulosalar taqdim etilgan.