Raqobat qo‘mitasi ko‘p qavatli uy-joylar qurib sotuvchilarni ogohlantirdi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitas xabariga ko‘ra, qo‘mitaga joriy yilning o‘tgan davrida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari bo‘yicha 450 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlar asosan, pudrat tashkilotlari tomonidan qurilish muddatlarini kechiktirib yuborish, qurilish ishlarini sifatsiz bajarish, loyiha hujjatlarida belgilangan ish hajmlari va turlarini to‘liq bajarmaslik, shartnoma va reklamalarda qayd etilgan qurilish materiallari va uskunalari o‘rniga boshqa sifatsiz va arzonlarini ishlatish va o‘rnatish yuzasidan bo‘lmoqda.
O‘z navbatida, ushbu murojaatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, iste’molchilarning huquqlarini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Iste’molchilar va iste’molchilarning nomuayyan doiralari huquqlari buzilishini oldini olish maqsadida ko‘p qavatli uy-joylar qurib sotuvchi tadbirkorlik sub’ektlari OGOHLANTIRILADI:
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning:
4-moddasiga asosan,
iste’molchilar quyidagi huquqlarga ega:
tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi;
tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi;
hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi;
buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish.
19-moddasiga asosan,
ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Ish bajarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada belgilab qo‘yiladi. Bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat)dagi nuqsonlar, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, iste’molchi talab qilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida ijrochi tomonidan bartaraf etilishi kerak.
Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste’molchiga har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.
23-moddasiga asosan,
davlat iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Iste’molchilarning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, sudlar ta’minlaydilar.
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda iste’molchi qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 178-moddasiga asosan:
Normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchilarga zarar yetkazish, shuningdek iste’molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risidagi axborotni taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, shu jumladan iste’molchilarni tovarning iste’molga oid xususiyatlari yoki sifati xususida chalg‘itish, tovarni unga o‘xshash boshqa mahsulotlar bilan almashtirib qo‘yish, mahsulotning xususiyatlari va sifatini qasddan o‘zgartirish va boshqa holatlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan Raqobat qo‘mitasi ko‘p qavatli uy-joylar qurib sotuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini iste’molchilar (fuqarolarimiz) huquqlarini ustuvorligini hisobga olgan holatda qonuniy faoliyat olib borish yuzasidan qat’iy ogohlantiradi.