Ramazondagi xatolar
Ramazon aksariyat uchun o‘zining ma’naviy ahamiyatini yo‘qotib, ibodat o‘rniga shunchaki jismoniy mashq ko‘rinishini olgan. Ba’zilar atrofdagilar ro‘za tutganlari uchungini sahardan to shomga qadar ro‘za tutadi. Afsuski, ular mohi Ramazon yurak va ruhoniyatdagi yomonlik hamda gunohlardan poklash uchun fursat ekanini yodlaridan chiqarib qo‘yishgan. Yana duo qilishni, Alloh taolodan gunohlarini mag‘firat etishini so‘rashni, Yaratgandan do‘zax olovidan omonda saqlashini yolvorishni unutishgan. Ha, yemak va ichmakdan tiyilishmoqda, lekin qilayotgan ishilari bor-yo‘g‘i shu. Kelinglar, Ramazonda eng ko‘p tarqalgan xatolarni ko‘rib chiqamiz.
Taom va ichimlik to‘g‘risida ortiqcha bezovtalik
Afsuski, ba’zi insonlar uchun Ramazon faqat taomlanish haqida o‘ylash oyi bo‘lib qolmoqda. Ular kunlarini Qur’on tilovat qilish, ibodat va uning boshqa ruknlari bilan o‘tkazishning o‘rniga menyu tuzish, masalliqlar sotib olish, ovqat pishirish hamda u haqda o‘ylash bilan kechirmoqdalar. Ularning fikru xayoli ovqatda. Natijada bundaylar ro‘za oyini ovqatlanish oyiga aylantirib yubormoqdalar.
«Eb-iching va isrof qilmang. Chunki U isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat).
Hattoki ayollarning ba’zilari iftor uchun taom tayyorlashga shunchalik quvvatlarini sarf qilib yuboradilarki, natijada ularda Qur’on tilovati, tahajjud va taroveh namozlari tugul xufton namozini o‘qish uchun ham kuch qolmaydi. Bu oy rahmat va mag‘firat oyidir, shuning uchun o‘choqlaringiz atrofida kamroq girdi-kapalak bo‘lingda-da, iymoningizni quvvatlantiring!
Haddan ortiqcha taomlanish
Ba’zi insonlar saharlik vaqtida me’yordan ortiqcha taomlanib olishadi, xuddiki shu usul bilan ular kunduzgi ochlikdan saqlanmoqchi bo‘ladilar va iftorlikda go‘yo bugun eng so‘nggi marta ro‘za tutganday ovqatlanishadi, bu bilan ular kun bo‘yi ovqat yetishmovchiligining o‘rnini to‘ldirmoqchi bo‘ladilar. Afsuski, insonning o‘zini bunday tutishi sunnatga to‘g‘ri kelmaydi. Barcha narsada mo‘’tadillik – o‘rtalik bo‘lishi kerak.
Miqdom ibn Ma’diykarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan (darajadagi) yemaklar kifoyadir. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdan bir (joy qolsin)».
Haddan ortiq ovqatlanish bandani farz va nafl ibodatlardan to‘sib, ularga befarq qilib qo‘yadi. Agar siz iftor paytida nafsingizni nazoratga ola olsangiz, unda bugungi tutgan ro‘zangiz manfaatli bo‘libdi. Ortiqcha ovqat yeyishlik sizda dangasalikni uyg‘otadi va taroveh namozlarini o‘qishingizga xalaqit beradi.
Kun bo‘yi uxlash
Ba’zi insonlar ro‘za tutgan kunining barchasini yoki katta qismini uyquda o‘tkazadilar. Axir shunday rahmat va mag‘firat oyida bizdan uyqu talab qilinadimi? Kunlarini uyquda o‘tkazgan bu insonlar Ramazon oyidagi buyuk mukofotlardan quruq qoladilar. Chunki ular rohat va yengillik ortidan o‘z nafslariga quldirlar. Bundaylar uyquni afzal biladilar, chunki ozroq ochlikka bardosh bera olmaydilar, irodalari yetmaydi. Agar ro‘zador kunni uyqu bilan kech qiladigan bo‘lsa, unda u naqadar loqaydlikka yo‘l qo‘yibdi!
Vaqtni isrof qilish
Ramazon oyi – biz uchun bitmas-tuganmas rahmat oyidir, u ko‘z ochib yumgunimizcha poyoniga yetib qoladi. Shuning uchun biz bu sharafli oyning har bir daqiqasini iloji boricha Allohga ibodat bilan hamda o‘zimizga mag‘firat so‘rash bilan o‘tkazishimiz kerak. Eng achinarlisi, ba’zilar kunini video o‘yinlar o‘ynash yoki undan ham yomonrog‘i musiqa tinglash, filmlar tomosha qilish va foydasiz videolar ko‘rish bilan isrof qilishmoqda. Subhanalloh! Bir vaqtda ham Allohga osiylik qilib, ham Uning roziligiga erishib bo‘lmaydi!!!
Ro‘za tutish, lekin harom ishlardan saqlanmaslik
Ko‘pchilik ro‘za tutadi, lekin g‘iybat, urush, janjal, xafagarchilik va shu kabilardan cheklanmaydi. Boshqalar esa butunlay harom ishlarni qilishda davom etaveradilar – spirtli ichimliklar sotadilar, buzuqlik qiladilar. Gunoh ishlarning barchasini bas qilmoq kerak.
Qur’oni Karimda marhamat qilinadi:
«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz» (Baqara surasi, 183-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
«Agar sizlardan ba’zilaringiz yolg‘on gapirishni va jaholat paytidagi boshqa amallarni to‘xtatmas ekan, Alloh taolo uning yemoq va ichmoqda tiyilishiga muhtoj emas» (Imom Buxoriy rivoyati).
Saharlikka loqayd qarash
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
«Saharlik qilinglar, zero unda baraka bor» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam yana shunday marhamat qilganlar:
«Sizlarning ro‘zangiz bilan ahli kitob ro‘zasining o‘rtasidagi farq saharlik vaqtidagi taomdadir» (Imom Muslim rivoyati).
Saharlikka uxlab qolgan bo‘lsa, ro‘za tutmaslik
Ba’zilar saharlikka uxlab qolgan bo‘lsalar, ro‘za tutmaydilar. Lekin bu o‘z holida yengiltaklikka moyillikni bildiradi. Xo‘sh, taomlanmasangiz, nima bo‘libdi? Bu bilan siz halok bo‘lmaysiz, aksincha, aqlingiz nafsingiz ustidan g‘alaba qozonadi. Doimo yodda tuting, Alloh taologa iymon keltirish va Uning rahmatidan umidvor bo‘lish har qanday to‘siqni yengib o‘tadi. Qolaversa saharlik bu sunnat amaldir xolos.
Shom namozi chiqib ketgunigacha taomlanishda davom etish
Ba’zi odamlar iftorlik dasturxoniga shu darajada ko‘p taom qo‘yib tashlaydilarki, natijada to‘xtamasdan yeyishlari oqibatida shom namozini qazo qilib qo‘yadilar. Buning to‘g‘ri emasligi aniq. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bu borada quyidagicha bo‘lgan: ro‘zani ochish, suv ichish, bir nechta xurmo yeyish va shom namozini ado qilish. Namoz o‘qib bo‘lganingizdan keyin dasturxonga qaytib, kutganingizdan ham ko‘proq taom iste’mol qilishingiz mumkin. O‘zingiz ham sinab ko‘ring, shom namozini o‘qiyotganingizda siz tanovul qilgan xurmolar badaningizni quvvat bilan ta’minlaydi, natijada siz avvalgidek ochlikni his qilmaysiz. Subhanalloh, mana shu biz ergashishimiz kerak bo‘lgan sunnatdir.
Duo qilish imkoniyatini qo‘ldan boy berish
Ro‘za tutgan odamning duosi ro‘zasini ochish paytida qabul bo‘lishidan xabardormiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
«Uch kishining duosi rad qilinmaydi: farzandi haqqiga duo qilgan otaning duosi, ro‘zadorning duosi (ro‘zasini ochayotgan paytda) va musofirning duosi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu kabi qimmatli vaqtda duo qilishning o‘rniga odamlar ovqat tayyorlab, mazmunsiz suhbatlar uyushtirib, o‘z taqsimchalarini va kosalarini taomga to‘ldirish bilan imkoniyatlarini qo‘ldan boy beradilar. Axir taom gunohlarning kechirilishiga imkondan hamda so‘ragan narsamizga erishish mumkinligidan ham muhimroqmi? Iftorlik vaqtidan oldin besh daqiqa vaqt ajrating va chin qalbdan barcha ehtiyojlaringizni, shuningdek, jumhur musulmonlarning ehtiyojlarini Alloh taolodan so‘rab duo qiling.
Ro‘za tutish, lekin namoz o‘qimaslik
Ko‘plab odamlar ro‘za tutadilar-u, lekin farz bo‘lgan besh vaqt namozni, ayniqsa, bomdodni o‘qimaydilar. Bunday dangasalikka chek qo‘yish kerak. Besh vaqt namozni to‘la-to‘kis ado qilish ro‘za tutish kabi farzdir. Agar siz namozni atayin o‘z vaqtida ado qilishda sustkashtlik qilayotgan bo‘lsangiz, ro‘zangiz qabul bo‘lishida shubha bo‘ladi.
Qur’on tilovatiga loqaydlik qilish
Ushbu Ramazon oyida Qur’on kitobingiz tokchada chang bosib yotishiga yo‘l qo‘ymang. Biz o‘zimizni mukammallashtirib borishimiz kerak. Agar arab tilida yaxshi o‘qiy olmasangiz, bilimingizni kuchaytiring. Agar arab tilini umuman bilmasangiz, Qur’on ma’nolar tarjimasi va tafsirlarini o‘qing. Bir kunda hech bo‘lmaganda ikkita oyat o‘qishdan boshlang va iymoningiz ziyodalashgani sari kitobni ham ko‘proq o‘qiy boshlaysiz. (Arab tilini umuman bilmaganlarga) tavsiya quyidagicha: Qur’onning yigirmata kichik suralarini o‘qing, yodlang, takrorlang, ma’nolarini va tarjimalarini hamda ulamolarning ular haqidagi ma’lumotlarini o‘rganib chiqing.
Ish, imtihon va boshqalar sababli ro‘za tutmaslik
Ish va imtihonlar bandaga ro‘za tutmaslik huquqini bermaydi. Agar siz o‘z diningiz doirasida majburiyatlaringizni bajarsangiz, Alloh taolo mehnatingizni yengillashtirib, qilayotgan ishingizda ko‘makchi bo‘ladi.
«Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkul qilsa, unga U Zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini yetkazuvchidir» (Taloq surasi, 3-oyat).
Ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazish
Ko‘pchilik ozmi-ko‘pmi ijtimoiy tarmoqlardan (Tvitter, Feysbuk, Instagram yoki Vatsap.....) foydalanadi. Lekin Ramazon oyida ulardan butunlay foydalanishni to‘xtatishning ilojini topolmasangiz ham, foydalanish vaqtingizni qisqartiring.
Ro‘za va parhezni aralashtirish
Ro‘za tutishdan aniq maqsad mavjud. Albatta, inson ro‘za ozishga hamda sog‘lom turmush tarzi olib borishga yordam berishini bilgani holda ro‘za tutadi, lekin faqat shu ozish, parhez niyati bilan ro‘za tutiladigan bo‘lsa, bu uning ibodat ma’nosiga zid kelib qoladi. Demak, ro‘zani eng avvalo va asosan Alloh buyurgani uchun hamda savob umidida tuting!
Ayollarning hayz paytida ibodatlarni kamaytirib yuborishlari
Muslimalar, hayz paytida vaqtingizni bekorga isrof qilmang. Qur’on tinglang, zikr va salovot ayting. Yaxshilik qiling va saxiylik ko‘rsating, iftorlarni tayyorlashda yordam bering yoki o‘zingizning uyingizda iftor uyushtiring. Siz ushbu qilgan solih amallaringiz uchun ulkan mukofotlarga erishasiz, inshaalloh.
E’tikofni qo‘ldan chiqarmang
Agar Ramazon oyining so‘nggi o‘n kunini e’tikofda o‘tkazish imkoningiz bo‘lsa, uni qo‘ldan boy bermang. Bu kabi ibodatning natijasi ulug‘dir. Lekin siz bu kunlarni masjidda do‘stlaringiz bilan gaplashib, yangiliklar va jurnallar o‘qib o‘tkazishingiz to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ushbu kunlarni masjidda o‘tkazishni maqsad qilgan boshqa mo‘minlar bilan birgalikda vaqtni qanday sarflashning jadvalini tuzib olinglar. Agar sizlarda harakatlar rejasi bo‘lsa, zerikib qolmaysiz, chunki qaysi vaqtda nima qilishingizni aniq bilib turasizlar.
Faqat Ramazonning yigirma yettinchi o‘tar kechasida tunni ibodat bilan o‘tkazish
Ba’zilar faqat yigirma yettiga o‘tar kechasida ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar, vaholanki bizga Laylatul-Qadrning aniq vaqti ma’lum emas.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
«Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq sonli tunlaridan izlang» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Ko‘plab ulamolar yozganlaridek, balki ushbu kecha haqiqatdan ham yigirma yettiga o‘tar kechasida kelar, lekin biz u kechani Ramazonning so‘nggi o‘n kunligining har tunidan qidirishga buyurilganmiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
«Kim Ramazon oyida Alloh taoloning mag‘firatidan umid qilib ro‘za tutgan bo‘lsa, Alloh taolo uning o‘tmishdagi gunohlarini kechiradi; kim Laylatul-Qadrda chin e’tiqod bilan, Allohning mukofotidan umid qilib ibodat qilgan bo‘lsa, Alloh taolo uning avvalgi barcha gunohlarini mag‘firat qiladi».
Shuningdek, Alloh taoloning fazlu-karamining chegarasi yo‘q. Agar O‘zi xohlasa, U sizga ikki yuz yillik mukofotni ato qiladi. Bu Alloh taoloning bizning aqlimiz qosirlik qiladigan hikmat Egasi ekanidandir. Biz Qadr kechasi qaysi kechaga to‘g‘ri kelishini bilmaymiz, mabodo kechani boy bergan bo‘lsangiz ham, shuni yodda tutingki, Alloh barcha narsaning sohibidir, agar U xohlasa, ushbu kechaga atalgan mukofotga boshqa bir vaqtda sazovor bo‘lasiz.
Ramazonning so‘nggi kunlarini Iydul Fitrga tayyorgarlik bilan o‘tkazish
Ba’zilar Ramazonning so‘nggi o‘n kunligini bayramga tayyorgarlik, masalliqlar sotib olish, savdo markazlarini aylanish bilan o‘tkazib yuborishadi. Natijada Ramazon so‘nggidagi namozlarini ado qila olmaydilar va ibodatlariga befarq bo‘lib qoladilar, vaholanki aynan shular bandani jazodan va do‘zax olovidan omonda saqlaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ramazonning so‘nggi kunlarida Allohga ibodatlarni ko‘paytirganlar va duolar bilan Allohga intilganlar, do‘konlarga emas. Yaxshi ko‘rinish va mehmonlarga yaxshi munosabatda bo‘lish ham sunnat, lekin rahmat oyining so‘nggi kunlarini bu kabi narsalarga sarflash maqsadga muvofiq emas.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Ramazonning so‘nggi kunlari yaqinlashishi bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallam belni qattiq bog‘laganlar (ya’ni, ibodatni ko‘paytirganlar va ayollariga yaqinlik qilishdan tiyilganlar), tunlari bedor bo‘lganlar hamda ahlini uyg‘otganlar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men: «Ey Allohning Rasuli, bu oyning eng yaxshi amallari nimalardan iborat?» deb so‘radim. U zot: «Ey Abu Hasan, bu oyning eng yaxshi ishlari – Alloh taolo ta’qiqlagan barcha narsalardan yiroqda bo‘lish», deb javob berdilar».
Barchamizga bunday xatolarni qilmaslikda Alloh ko‘makchi bo‘lsin!
Xayrulloh Habibulloh tayyorladi,
Azon.uz
