Rajab Adashev "Styuardessaning qo‘lida bir tutam sochim qoldi..."

Rajab Adashev "Styuardessaning qo‘lida bir tutam sochim qoldi..."

Jurnalist Feruz Muhammad O‘zbekiston xalq artisti Rajab Adashev bilan eksklyuziv intervyu tashkillashtirdi.

Rajab Adashev suhbat davomida sochi to‘kilishiga sabab bo‘lgan qiziq voqea haqida gapirib berdi.

Sochim to‘kilganining kinoga xalaqit bergan yoki bermagani haqida hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman.

Aslida, otamda ham soch to‘kilishi bo‘lgan, bu ota meros desak ham bo‘ladi, lekin menda soch to‘kilishining boshqacha tarixi bor.

1973 yilda «Mehrobdan chayon» filmi suratga olinyapti, men o‘sha paytda Urgutda edim. Kino Xivada olinayotgandi va mening rolim bor. Xiva ko‘chalarida uch kishi yuradigan sahnalar bor, o‘shanga borib tushishim kerak. Samarqandga keldim, Urganchga uchadigan samolyotga o‘tirdim. Samolyot to‘satdan Buxoroga qo‘ndi. «Bir soatcha dam olinglar, o‘zimiz chaqiramiz» deyishdi. Chaqirmadi. Keyin bilsak, qayerdandir turistlar kelgan, ularni bizning samolyotga chiqarishibdi, «Biz-chi?» desak, «Sizlarga boshqa samolyot qo‘yiladi» deb aytishdi.

«Sumkamni olay» deb samolyotga bir amallab chiqib oldim. Sumkamni oldim-da, shartta joyimga o‘tirib oldim va turmadim. Styuardessa chiqishim kerakligini aytyapti, rad etaverdim. Janjal boshlandi. Ayol milisiya xodimlarini chaqirdi. Ikkitasi ikki qo‘limdan ushlab sudrab olib chiqa boshlashdi. Samolyot eshigi yoniga borgach, ikki oyog‘imni eshikka tirab oldim, «Chiqmayman, chiqmayman» deb baqirdim. Kiyimlarimdan tortishyapti, yirtilgudek darajada. Shu payt haligi styuardessa sochimdan changallab ushlab, torta boshladi. Siltab tortdi, tortdi, jonim og‘rib, «Bo‘ldi, bo‘ldi, qo‘yib yuboring, tushaman» deb ularning qo‘lidan chiqdim. Styuardessaning qo‘lida bir tutam sochim qoldi. Keyin o‘sha yerdagi milisiya bo‘limiga olib kirishdi.

Xullas, o‘shandan boshlab sochim to‘kila boshladi. Oradan bir yil o‘tib, o‘rni ochilib qolgandi.

Bir narsaga qoyil qolish kerakki, rejissyorlar ham shu narsaga e’tibor berishmagan, qanday bo‘lsam, shunday qabul qilishgan.

Ma’lumot uchun, Rajab Adashev 1944 yil 15 iyul kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va san’at institutining aktyorlik fakultetini tamomlagan. Kinodagi faoliyati 1964 yildan boshlangan. 100 dan ortiq filmlarda rol ijro etgan.

Rajab Adashev 1993 yilda «Abdullajon» filmidagi «Eng yaxshi erkak roli uchun» mukofot, 1997 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2010 yilda O‘zbekiston xalq artisti, 2021 yilda «Do‘stlik» ordeni, 2022 yilda San’at va madaniyat fidokori», «Mehnat faxriysi», «Kinematografiya fidokori» kabi unvon va mukofotlariga munosib ko‘rilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!