Quvayt valiahd shahzodasi qasamyod qildi
Quvayt Valiahd shahzodasi shayx Mash’al al-Ahmad as-Saboh dushanba kuni bosh vazir shayx Ahmad Navaf al-Ahmad as-Saboh tomonidan tuzilgan yangi hukumat tarkibiga qasamyod qildi, deya xabar berdi Quvaytning KUNA axborot agentligi.
Qasamyod qabul qilish marosimida Valiahd shahzoda yangi vazirlar kabineti a’zolariga murojaat qildi.
«Sizning oldingizda fundamental savollar va biz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab muammolar turibdi. Qonun hammaga birdek tatbiq etilishi, vatan va fuqarolar <…> xavfsizligini ta’minlash, korrupsiya va qarindosh-urug‘chilikning barham topishi uchun bir jamoa bo‘lib, hamkorlik qilib, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlashingiz kerak», — dedi Shayx Mash’al.
Quvaytda shayx Ahmad Navaf al-Ahmad as-Saboh boshchiligida yangi hukumat tuzildi. So‘nggi uch yil ichida yettinchi marta.
Quvayt bosh vaziri Ahmad Navaf al-Ahmad as-Saboh 23 yanvar kuni, lavozimga kirishganidan atigi uch oy o‘tib, avvalgi hukumat bilan birga iste’foga chiqdi. Bir necha kundan so‘ng Valiahd shahzoda uning iste’fosini qabul qildi, biroq Bosh vazir va hukumatga yangi vazirlar mahkamasi shakllanmaguncha o‘z vazifalarini bajarishni topshirdi.
