Qudachilik aloqalari

Qudachilik aloqalari

Barra binti Horis bu shartnomadan keyin o‘sha kelishilgan miqdordagi tillani topish payiga tushdi. Bu maqsadga erishish uchun nima qilish kerakligini u yaxshi bilar edi. Shuning uchun ham hech ikkilanmasdan, to‘g‘ri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va:

«Yo Rasulalloh, men muslima ayolman, «Laa ilaaha illalloh» deb va sizni Allohning Rasuli deb shahodat keltirganman. Men o‘z qavmining sayyidi – Horisning qiziman. Boshimga sizga maxfiy bo‘lmagan balo tushdi. Men Sobit ibn Qays ibn Shammosning chekiga tushdim. U men bilan toqatim ham, qo‘lim ham, qudratim ham yetmaydigan narsaga ahdnoma tuzdi. U to‘qqiz uvqiya tilladan iboratdir. Mening o‘shanga rozi bo‘lishim sizdan umid qilganim uchun bo‘ldi. Alloh sizga salovot yuborsin. Sizning huzuringizga tuzgan shartnomamni ado etishda yordam so‘rab keldim», – dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Senga bundan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishini xohlaysanmi?» – dedilar.

«U nima, yo Rasulalloh?» – dedi u.

«Sening shartnomangni ado qilib, o‘zingga uylanaman», – dedilar U zot.

«Xo‘p! Yo Rasulalloh!» – dedi u.

«O‘shandoq qilganim bo‘lsin», – dedilar u zot.

Bunisi qanday bo‘ldi, deyish mumkin. Haqiqatda bunday bo‘lishiga aql bovar qilmaydi. Bu gap-so‘zlar kechagina qirg‘inbarot urush qilgan ikki tarafning ikki vakili o‘rtasida bo‘lib o‘tmoqda. Qanday ayol kecha o‘z erini qatl qilgan tomonning boshlig‘ining bir og‘iz so‘zi ila unga xotin bo‘lishga rozi bo‘lishi mumkin?!

Yana qavmining tirik qolgan barcha a’zolari asir qilib, taqsimlab olingan bo‘lsa?

Yana o‘sha ayol o‘z qavmining ulug‘ining qizi – aslzoda bo‘lsa?

Barra binti Horisning bunday qilishiga sabab bor edi. Bu sababni undan boshqa faqat Yaratganning O‘zi bilar edi.

Bu sababni bilish uchun imom Bayhaqiy u kishining o‘zidan qilgan rivoyatni keltiramiz:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning kelishlaridan uch kecha oldin tushimda Yasribdan bir oy kelib, quchog‘imga tushganini ko‘rdim. Buni birovga aytishni istamadim. Asirga tushganimizda tushim o‘ngidan kelishini orzu qildim. Bas, u zot meni ozod qilib, nikohlariga oldilar».

Ha, gap bu yoqda ekan. Hamma narsa oldindan ayon bo‘lgan ekan. Shuning uchun ham Barra binti Horis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dastlab murojaat qilganda:

«Yo Rasulalloh, men muslima ayolman, «Laa ilaha illalloh» deb va sizni Allohning Rasuli deb shahodat keltirganman», – degan ekan.

Endi Barra binti Horisning tutgan ishi tushunarli bo‘ldi. Ammo, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan ishlarini qanday tushunish mumkin? U zot dunyodagi eng karamli zot edilar. Bir asira ayol yordam so‘rab kelsa, yordam berishlari turgan gap edi. Shart qo‘ymay, pulni berib yuboraversalar bo‘lmas edimi? Nima uchun shartnomadagi mablag‘ni to‘lash bilan birga uylanishni ham aytdilar ekan?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ham bunday qilishlariga sabab bor edi. Bu sababni u zotdan boshqa faqat Yaratganning O‘zi bilar edi.

(Davomi bor)

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!