Qrimdagi yirik neft bazasida boshlangan yong‘inni 3 kundan beri o‘chirib bo‘lmayapti
Qrimdagi eng yirik neft bazalaridan birida Ukraina Qurolli kuchlari hujumidan keyin kelib chiqqan yong‘inni uch kundan beri o‘chirishning imkoni bo‘lmayapti. Feodosiyadagi terminalda yuzaga kelgan yong‘in 9 oktyabr holatiga ko‘ra, 2,8 ming metr kvadratni egallab bo‘lgan. Favqulodda xizmatlar vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda to‘rtta sisterna yonmoqda.
«Alanganing har birida 5 ming metr kub neft mahsulotlari bo‘lgan ikkita sig‘imga o‘tish xavfi bor edi, hozircha buning oldi olindi», — deyiladi xabarda.
FVVga ko‘ra, ayni vaqtda alanga o‘chog‘ini o‘chirish, shuningdek, qo‘shni rezervuarlarni sovitish ishlari amalga oshirilmoqda. Idora vakillarining ta’kidlashicha, aholiga hech qanday tahdid yo‘q va tezkor holat «to‘liq nazorat ostida».
9 oktyabr tongida favqulodda vaziyatlar hududidan 1129 kishi evakuasiya qilingan. Qrim rahbari Sergey Aksenov aholini «sarosimaga berilmaslikka» chaqirib, vaziyat «federal markaz nazorati» ostida ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, u yong‘in tufayli «mol-mulkidan ayrilgan» insonlarga to‘liq kompensasiya to‘lanishini va’da qildi.
Shahar aholisining aytishicha, 8 oktyabr kuni soat 18:00 da yana portlash ovozlari eshitilgan. Bundan bir necha soat oldin shaharliklarning Telegram-chatlarida yong‘in hududidagi «benzin bochkalari ishib ketgan» va «bir sutka ichida portlash yuz berishi» haqida yozilgan. Neft terminali hududida umumiy sig‘imi 258 ming metr kubga yetadigan 43 ta sisterna mavjud. Mahalliy aholiga ko‘ra, 8 oktyabr kuni ularning yettitasi yongan.
Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Feodosiyadagi neft bazasiga 7 oktyabrda, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tug‘ilgan kunida hujum qildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar Amerikaning ATACMS raketalari yordamida amalga oshirilgan. Shahar hukumati kommunal xarakterdagi texnogen favqulodda vaziyat rejimini joriy qilgan.
UQK Bosh shtabi neft bazasiga berilgan zarbalarni tasdiqlab, u yerdan «Rossiya Federasiyasining bosqinchi armiyasi ehtiyojlarini qondirish maqsadida ham» foydalanilganini bildirdi.