Qonunga chap bergan chapdastlar

Qonunga chap bergan chapdastlar

O‘g‘rilikni amalga oshirib voqea joyidan qochib ketgan jinoyatchilarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Jinoyatchi, albatta, qo‘lga tushadi, uzoqqa bormaydi. Ammo kriminalistikada shunday vaziyatlar ham bo‘lganki, jinoyatchi uzoq vaqt davomida qo‘lga tushmay kelgan. Ular allaqachon tarixning bir qismiga aylanib ulgurgan.

Garri Uinston zargarlik uyi

Garri Uinstonning zargarlik uyi Gollivuddagi eng mashhur savdo maskani hisoblanadi. “Oskar” mukofotini topshirish marosimida ko‘pchilik san’atkorlar mana shu zargarlik uyidan ijaraga olingan qimmatbaho taqinchoqlar bilan bezanadi. Garri Uinston nomi yana yaqinda sodir etilgan yirik o‘g‘rilik bilan birga tilga olinadi. 2009 yilda Parijning Yelisey maydonida joylashgan zargarlik do‘koniga u endi ­yopilay-yopilay, deb turgan payt to‘rtta qurollangan erkak kirib keldi. Ularning uchtasi ayol qiyofasida kiyingan, parik ham taqib olgan edi. Jinoyatchilar vitrinalardagi bor taqinchoqlarni olib, xodimlarni omborxonani ochishga majbur qilishgan. Shunday qilib ular do‘konni ship-shiydon qilib chiqib ketishgan. O‘g‘irlangan taqinchoqlarning jami summasi 80 million Yevroni tashkil etadi. O‘g‘rilik sodir etilgani ma’lum bo‘lgach, zargarlik uyi aksiyalari 9 foizga tushib ketdi.

“Yunayted Kaliforniya” bankidagi o‘g‘rilik

Bu jinoyat ancha oldin, 70-yillarda sodir bo‘lgan. Bugungi kunda o‘g‘irlangan pul miqdori 100 million AQSh dollariga teng. O‘sha paytlari bu summa rekord ko‘rsatkich edi. Ogayolik o‘g‘rilar yetti kishi bo‘lib, ularga Emil Dinsio rahbarlik qilgan. “Nigel lagunasi” nomli to‘da “Yunayted Kaliforniya” bank­laridan biriga hujum uyushtirdi. O‘g‘rilar tezlik bilan seyfni tozalashdi. Seyfdagi pul miqdori aniq emas edi, shuning uchun uni taxminan aytishadi. O‘g‘rilarni nafs balosi tinch qo‘ymay, qayta o‘g‘rilik qilishga chiqishgani ularning AQSh polisiyasi tomonidan qo‘lga olinishiga sabab bo‘ldi.

Antverpendan o‘g‘irlangan olmoslar

Ko‘pchiligimiz 80 foiz olmosning aynan Antverpen orqali o‘tishini bilmaymiz. Biroq o‘g‘rilar buni bilishadi. Natijada, shaharda qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq ko‘plab o‘g‘riliklar sodir etilgan. Ammo bu o‘g‘rilik sodir etilish yo‘li va umumiy summasi bilan boshqalaridan ancha farq qiladi. O‘lja shu darajada katta bo‘lganki, o‘g‘rilar uni zo‘rg‘a olib chiqishgan. Olmos birjasidagi 160 seyfdan 123 tasi ship-shiydon qilingan. Bu jinoyatni 30 yillik tajribaga ega bo‘lgan o‘g‘ri Leonardo Notarbartolo rejalashtirgan.

Qidiruvga eng yaxshi ayg‘oqchilar jalb qilindi. Bir kundan so‘ng Leonardo Notarbartolo qo‘lga olindi. Uning sherik­lari, xotini va gollandiyalik er-xotin ham tezda qo‘lga tushdi. Jinoyatni ular sodir qilganligi to‘g‘risida dalillar bor edi-yu, 100 million AQSh dollarilik olmoslar go‘yo yer yutgandek g‘oyib bo‘lgan edi. Notarbartolo hozirda uzoq muddatli jazoni o‘tamoqda. Eng qizig‘i, u sudda ularni qandaydir bir yahudiy savdogar yollaganini va bor-yo‘g‘i 20 million AQSh dollariga teng olmosni o‘g‘irlaganliklarini aytdi. Ular omborga kelganda seyflarning bir qismi allaqachon o‘marilganini qayd etdi. Notarbartoloning taxminicha, bu jinoyatning sug‘urta bilan bog‘liq yirik firibgarlik ishiga aloqasi bor. U esa mana shu katta firibgarlik ishiga o‘zi bilmay aralashib qolgan. Biroq polisiya Notarbartoloning bu talqiniga ishonmay, uning uch sherigini ham qo‘lga oldi.

Manba: insonvaqonun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!