Qiyomatda eng birinchi shafoat so‘rovchi zot kim?

Qiyomatda eng birinchi shafoat so‘rovchi zot kim?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyidiman. Ustidan qabr birinchi yoriladigan shaxsman. Birinchi shafoat so‘rovchiman. Birinchi shafoat qilinuvchiman», dedilar».

Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. 

Termiziyning lafzida:

«Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyididirman va faxrlanish emas-ku, qo‘limda hamd bayrog‘i bo‘ladir. O‘sha kunda hech bir nabiy yo‘qki, Odammi, undan boshqasimi, hammasi mening bayrog‘im ostida bo‘lmasa. Faxr emas-ku, men ustidan yer (qabr) birinchi yoriladigan shaxsman» deyilgan.

Sharh: Avvalgi hadisi sharifda Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning Alloh taolo bu dunyoni yaratishidan boshlab, eng afzal tabaqadan bo‘lib kelganlari bayon qilingan edi. Bu hadisi sharifda esa u zot alayhissalomning dunyoning avva­lidan eng afzal banda bo‘lishlari haqida so‘z ketmoqda.

«Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyidiman», deydilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam.

Imom Termiziyning rivoyatlari esa u zotning o‘sha sayyidliklari aynan qaysi narsada namoyon bo‘lishini bayon qiladi:

«Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyididirman va faxrlanish emas-ku, qo‘limda hamd bayrog‘i bo‘ladir. O‘sha kunda hech bir nabiy yo‘qki, Odammi, undan boshqasimi, hammasi mening bayrog‘im ostida bo‘lmasa».

Ushbu jumladagi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning «qo‘limda hamd bayrog‘i bo‘ladir» degan gaplari «men katta shafoatni qilganimda avvalgiyu oxirgi xaloyiq menga maqtov aytadi», degan masnodadir.

Albatta, bu gapni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam maqtanish uchun aytgan emaslar, balki voqeslik shu. Bu, o‘z-o‘zidan, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning oxiratda ham eng afzal banda bo‘lishlarini ko‘rsatadi.

«Men ustidan yer (qabr) birinchi yoriladigan shaxsman».

Qiyomatdan oldin dunyo paydo bo‘lgandan boshlab, to o‘sha paytgacha bo‘lgan barcha xaloyiq qabrda bo‘lishi ma’lum. O‘sha qabrdagilar ichidan kim birinchi bo‘lib tiriltirilsa, o‘sha shaxs ularning ichida eng afzali bo‘lishi ham ma’lum. Xuddi ana shu shaxs Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ekanlar. U zotning ustilaridan qabrning yorilishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qayta tirilib, o‘z qabrlaridan chiqishlaridir. U zotning birinchi bo‘lib qabrdan qayta tirilib chiqishlari barcha xaloyiqning afzali ekanliklariga dalolatdir.

«Birinchi shafoat so‘rovchiman».

Bu ham Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning Alloh taoloning huzurida eng afzal banda, eng afzal payg‘ambar ekanliklarining yana bir dalilidir.

«Birinchi shafoat qilinuvchiman».

Alloh taoloning Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni qiyomat kuni birinchi shafoat qilishi ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning eng afzal banda va eng afzal payg‘ambar ekanliklariga dalildir.

Bularning hammasi voqe’likdir, bor gapning o‘zidir. Bunda zarracha maqtanish, zarracha faxrlanish yo‘q. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Imom Termiziyning rivoyatlarida:

«Faxr emas-ku, men ustidan yer (qabr) birinchi yoriladigan shaxsman», demoqdalar.

 

Nabiylarning imomi va xatibilar

 

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Faxr emas-ku, qiyomat kuni kelganda men nabiylarning imomi, xatibi va shafoatlari sohibi bo‘lurman», dedilar».

Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: Bu hadisi sharifda ham faxr uchun emas, voqe’likdagi bor haqiqat aytilmoqda. Qiyomat kuni Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning barcha payg‘ambarlarga imom bo‘lishlari, barcha payg‘ambarlarga xatib bo‘lib, ularga va’z qilishlari va barcha payg‘ambarlarga shafoatchi bo‘lib, ularni shafoat qilishlari haqida so‘z ketmoqda.

O‘zimiz o‘ylab ko‘raylik, qiyomat kunida barcha payg‘ambarlarga imom bo‘lishdan afzal maqom bormi?!

O‘zimiz o‘ylab ko‘raylik, qiyomat kunida barcha payg‘ambarlarga xatib bo‘lishdan afzal maqom bormi?!

O‘zimiz o‘ylab ko‘raylik, qiyomat kunida barcha payg‘ambarlarga shafoatchi bo‘lishdan afzal maqom bormi?!

“Hadis va hayot” kitobidan


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!