Qirg‘izistonning eng taniqli jinoiy “avtoriteti” hibsga olindi

Qirg‘izistonning eng taniqli jinoiy “avtoriteti” hibsga olindi

22 oktyabr, payshanba kuni Bishkekdagi "Avangard" sport klubida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan taniqli jinoiy to‘da rahbari Qamchi Kolboyev qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda “Tengrinews.kz”.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Qamchibek Asanbek (Qamchibek Kolboyev) jinoiy tashkilot tuzish va unda ishtirok etish ishi bo‘yicha gumon qilinmoqda.

Qayd etilishicha, avtoritet uyushgan jinoiy guruhlarning faoliyatini aniqlash va bostirish ishlari doirasida aniqlangan ma’lumotlar asosida hibsga olingan.

Xabarda aytilishicha, Kolboyev va unga aloqador bo‘lgan shaxslarning jinoiy faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlarni olish choralari ko‘rilmoqda.

Dastlab, Telegram kanallarda jinoiy to‘da boshlig‘i hibsga olingan joydan fotosuratlar paydo bo‘lgan. Keyinchalik Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsga olinish jarayoni aks etgan videoni e’lon qilgan.

AQShning Qirg‘izistondagi elchixonasi ham Kolboyevning hibsga olinishiga munosabat bildirdi.

"Qo‘shma Shtatlar Qirg‘iziston hukumati ushbu xavfli jinoiy to‘da rahbarini jamoat xavfsizligi uchun javobgarlikka tortadi va hibsga oladi deb umid qilmoqda", deyiladi elchixona bayonotida.

Diplomatik vakolatxonaning ta’kidlashicha, avvalroq AQSh Davlat departamenti Qamchibek Kolboyevning jinoiy tarmog‘ining moliyaviy mexanizmlarini yo‘q qilishga olib keladigan ma’lumot uchun million dollargacha mukofot puli taklif qilgan.

"Kolboyevning jinoiy tarmog‘i Markaziy Osiyoda joylashgan bo‘lib, giyohvand moddalar, qurol, odam savdosi, tovlamachilik va boshqa jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanadi", deyiladi elchixonaning bayonotida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!