Qaysi davlatlar isroilliklarga o‘z hududiga kirishni taqiqlagan?

Qaysi davlatlar isroilliklarga o‘z hududiga kirishni taqiqlagan?

Maldiv orollari hukumati 2 iyun kuni sionistlarning falastinliklarga nisbatan genosidi tobora avj olayotgani fonida Isroil fuqarolarining mamlakatga kirishini taqiqladi. O‘zining plyajlari va hashamatli kurortlari bilan mashhur bo‘lgan kichik Osiyo davlati isroilliklar uchun "eshigini yopgan" o‘ndan ortiq mamlakatlar qatoriga qo‘shildi. Qaysi davlatlar isroilliklarga o‘z hududiga kirishni taqiqlagan?

2 iyun kuni Maldiv orollari hukumati sionistlarning falastinliklarga nisbatan genosidi tobora avj olayotgani fonida Isroil fuqarolarining mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasi qarori Isroil fuqarolarining Maldivga kirishini taqiqlash bo‘yicha zarur qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish, hukumat tarkibida bu harakatlarni nazorat qiluvchi qo‘mita tashkil etishni o‘z ichiga oladi.

Ayni paytda bosqinchi davlat pasporti egalari ushbu dam olish hududlariga sayohat qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi. O‘zining plyajlari va hashamatli kurortlari bilan mashhur bo‘lgan kichik Osiyo davlati isroilliklar uchun "eshigini yopgan" o‘ndan ortiq mamlakatlar qatoriga qo‘shildi: Jazoir, Suriya, Eron, Pokiston, Iroq, Bangladesh, Quvayt, Livan, Yaman, Ummon, Bruney, Liviya, Malayziya hamda Saudiya Arabistoni mazkur ro‘yxatdan joy olgan.

Qayd etilishicha, Maldiv orollari prezidenti Muhammad Muizzu falastinliklarning ehtiyojlarini baholash uchun maxsus vakil tayinlamoqda va BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi ko‘magida mablag‘ yig‘ish kampaniyasini tashkil etmoqda.

Birdamlik bildirish maqsadida “Maldivliklar Falastin bilan birga” mitingini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Isroil-Falastin mojarosini hal qilishni tezlashtirish uchun Maldiv boshqa musulmon davlatlari bilan muzokaralar olib bormoqchi.

Ushbu yangilikdan ranjigan bosqinchi davlatga xayrixoh ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham jim turgani yo‘q – ular safdoshlarini Maldiv orollarini boykot qilishga chaqiryapti.

O‘z navbatida Maldiv orollariga har yili milliondan ortiq sayyoh keladi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hududda dam olishni istagan isroilliklar soni 15 mingga yaqinni tashkil etgan.

Avvalroq, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Isroilni konflikt zonalarida bolalarga ataylab zarar yetkazuvchi va o‘limiga sabab bo‘luvchi davlatlarning qora ro‘yxatiga kiritishini ma’lum qilgandi. Guterrish Isroilning AQShdagi mudofaa attashesi general mayor Hiday Zilbermanga tegishli ogohlantirishni yetkazgan. Agar shunday bo‘lsa yahudiy davlati ISHID, “Al Qoida” kabi guruhlar kiritilgan qora ro‘yxatdan joy olishi mumkin. 26 iyun kuni muhokama qilinishi rejalashtirilgan BMT xavfsizlik kengashi a’zolariga tarqatiladigan hisobotda bu aks etishi kutilmoqda. Isroil esa qora ro‘yxatga kirish mamlakatga qarshi qurol embargosiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Shunga qaramay AQSh boshchiligidagi yirik tashkilotlar G‘azoda ko‘p sonli murg‘ak bolalarning qotiliga aylangan Isroilga qarshi jiddiy chora ko‘rishga oshiqmayapti. AQSh ham sionistlarga falastinliklarning qonini to‘kish uchun yetarlicha qurol berishda davom etmoqda. Davlat kotibi Entoni Blinkenning fikricha, qirg‘inbarot urushni to‘xtatib, sulhga erishishga to‘sqinlik qilayotgan "yagona aybdor" – Falastinning HAMAS harakati.

Bayden ma’muriyati SAXAL minglab falastinliklarni o‘ldirsa ham Quddusning asl egalariga nisbatan Tel-Aviv tomonidan biror bir genosid sodir etilayotganini ko‘rmayotganini ta’kidlamoqda. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoralayotgan Amerika Yaqin Sharqdagi xunrezliklarni dastaklash bilan birga oqlashga ham urinmoqda.

Katta davlatlarning qo‘llovini olayotgan yahudiy davlati esa kun sayin haddidan oshib, oldinroq tinch aholini o‘ldirayotganini rad etib kelgan bo‘lsa, endi biroz "kulgu" bilan tan ham olmoqda. Misol uchun, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu SAXAL G‘azodagi Rafah shahrida noharbiy binoga zarba berganini tan oldi. Xabaringiz bor, bu zarba oqibatida qochqinlar lagerida yong‘in chiqqan va kamida 45 kishi halok bo‘lgandi. U mamlakat parlamentidagi chiqishi chog‘ida buni "ayanchli xato", deb atagan.

"Tinch aholi vakillariga zarar yetkazmaslik bo‘yicha qilayotgan ishlarimizga qaramay, kecha tunda ayanchli xato sodir bo‘ldi", degan Netanyaxu.

Tahlilchilarning fikricha, Isroil yetakchisining "mardonavor" tan olishiga raketa zarbasi oqibatida falastinliklar yashayotgan chodirlar yonayotgani tasvirlangan kadrlarning tarqalishi ham sabab bo‘lgan. Chunki SAXAL Netanyaxuning chiqishidan oldin zarba aniq razvedka ma’lumotiga asoslanib berilgani, bu HAMAS ob’ekti ekani haqida bayonot bergandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!