Putin kuzda Qozog‘istonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda
Moskvada Qozog‘iston va Rossiya Tashqi ishlar vazirlarining maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Uchrashuv Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtileuning Moskvaga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tmoqda.
Murat Nurtileu Rossiya an’anaviy ravishda Qozog‘istonning asosiy strategik va asosiy iqtisodiy hamkori ekanini ta’kidladi. Ikki davlat o‘rtasida uzoq yillik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan yaqin va mustahkam munosabatlar mavjud.
«Mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va do‘stona munosabatlarning intensiv xarakteri tufayli intensiv, ishonchli va konstruktiv ikki tomonlama siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatildi, mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza yaratildi», - deya ta’kidladi Qozog‘iston TIV rahbari.
«Fursatdan foydalanib, Rossiya tomoni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinning joriy yilning kuzida Qozog‘istonga tashrifini tashkil etishga tayyorligini tasdiqlovchi hujjatni yuborgani uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. O‘ylaymanki, ushbu tashrif davomida samarali muzokaralar bo‘lib o‘tadi va mintaqalararo forum tashkil etishga erishamiz. Xabaringiz bor, biz ushbu muhim tadbirni tashkil etish ustida ishlamoqdamiz. Forum Qostanay shahrida bo‘lib o‘tadi», — dedi Murat Nurtileu.
Sergey Lavrov o‘z hamkasbini yaqinda bo‘lib o‘tgan Parlament saylovlari hamda Bosh vazir o‘rinbosari - Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi.
«Ishonchim komilki, biz bundan keyin ham Prezidentlarimiz erishgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha faol ishlaymiz va munosabatlar uzluksizligini ta’minlaymiz. Sizda, jumladan, tashqi siyosat sohasida ham juda boy ish tajriba bor. Ishonchim komilki, biz ittifoqchilik, strategik sheriklik munosabatlarimizni mustahkamlashda davom etamiz», — dedi Rossiya TIV rahbari.
Tashqi ishlar vazirlarining maslahatlashuvlari yakkama-yakka va kengaytirilgan tarkibda o‘tkaziladi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston va Rossiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasini imzolash rejalashtirilgan.
