Prezident: Chilonzor tumanini industriya xabiga aylantirish kerak

Prezident: Chilonzor tumanini industriya xabiga aylantirish kerak

Mazkur sanoat hududida bugungi kunda 510 ta korxona bo‘lib, yana ko‘plab yangilari tashkil etilmoqda.

Xususan, oziq-ovqat korxonasida yiliga 7 ming tonna mahsulot, shu jumladan 10 turdagi chips tayyorlanmoqda. Yaqinda loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, mahsulotlar turi kengaytiriladi.

Mebelsozlik tarmog‘idagi korxonada yiliga 2 million metr kvadrat yog‘och panellar ishlab chiqarilmoqda. Ularning katta qismi import o‘rnini bosishi bilan ahamiyatli.

Funksional oziq-ovqatlar kombinatida yiliga 5 million quti yodlangan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ularning 30 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu korxonalarning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ularning har biri o‘ziga xos yo‘nalish tanlaganiga e’tibor qaratib, barcha hududlarda shunday korxonalarni tashkil etish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Yodning aholi salomatligi uchun muhimligini inobatga olib, mamlakatimizda yod bilan boyitilgan oziq-ovqatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shu yerda Chilonzor tumanida sanoatni rivojlantirish rejalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

- Chilonzor tumanida juda katta infratuzilma, bo‘sh turgan binolar, kafolatlangan energiya resurlari bor. Faqat tadbirkorlarga mablag‘ berib, xorijiy texnologiyalar olib kelib, Chilonzorni industriya xabiga aylantirish kerak, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy loyihalar ijtimoiy sohada ham natija keltirishi zarurligiga alohida to‘xtaldi. Tadbirkorlarga ko‘mak berib, faoliyatini kengaytirib, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladi. Bu borada boshlangan yangi dasturdan foydalanib, tumandagi 3 ming kambag‘al va 10 ming ishsiz fuqaroni ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz Chilonzor tumanidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ham ko‘zdan kechirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!