Poytaxt ko‘chalaridagi qurilish sababli 500 dan ortiq daraxt ko‘chirilishi mumkin

A A A
Poytaxt ko‘chalaridagi qurilish sababli 500 dan ortiq daraxt ko‘chirilishi mumkin

Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga “Ko‘prik qurilish” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Yakkasaroy tumani hududidagi Bobur ko‘chasini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti bilan bog‘laydigan hamda S.Tolipov ko‘chasiga tutash yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi loyihasi doirasida daraxtlarni ko‘chirish masalasi yuzasidan murojaat kelib tushdi.

Qayd etilishicha, yo‘l o‘tkazgich sutkasiga 36 mingta avtomobil o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, amalda soatiga 1 ming 500 ta avtomobil harakati uchun xizmat ko‘rsatishi aytildi. Qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich esa soatiga 6 mingta avtomobil o‘tkaza olishi, ya’ni sutkasiga 144 mingta avtomobil harakatini ta’minlay olishi ta’kidlandi. Bu esa tirbandlikning oldini oladi hamda havoga chiqadigan chiqindi gazlarini 4 barobargacha kamaytiradi. Mazkur loyihaning birinchi bosqichi 2023 yilning noyabr oyida yakunlanishi va yo‘l harakati qisman yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab 1,4 mingta daraxt va butalarni ko‘chirish rejalashtirilgan. Chunki loyiha xiyobon hududining bir qismini ham o‘z ichiga olgan. Loyiha dizayni o‘zgargach esa ko‘chirilishi kerak bo‘lgan daraxtlar soni kamaygan. Ayni damda birinchi bosqichda 69 ta daraxtni ko‘chirish rejalashtirilgan, jami esa 500 dan ortiq daraxt ko‘chirilishi mumkin. Har bir ko‘chirilgan daraxt uch yil davomida parvarish qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni mohofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, murojaat atroflicha o‘rganib chiqiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!