Polshada «temir parda» o‘rnatiladi
Polsha o‘zining sharqiy chegaralarida istehkomlar tizimini qurishga tayyorlanmoqda, mamlakat prezidenti Anjey Duda buni «temir parda» bilan taqqoslagan. Shu bilan birga, u ba’zi G‘arb siyosatchilari ushbu loyihadan «dahshatga tushganini» ta’kidladi.
«G‘arbdagi ba’zi siyosatchilar bunga dahshat bilan qarashadi. Ular ko‘rmoqchi bo‘lgan oxirgi narsa bu temir pardaning tiklanishi», — dedi Polsha prezidenti The Times gazetasiga bergan intervyusida.
«Sharq qalqoni» deb nomlanuvchi ushbu ulkan reja doirasida Polsha Belorussiya va Rossiya bilan chegarada tankga qarshi zovurlar, bunkerlar va minalangan maydonlarni o‘z ichiga olgan mudofaa chizig‘ini yaratish niyatida. Dudaning qayd etishicha, bu loyiha Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri Polshaning sharqiy chegarasini mustahkamlash bo‘yicha eng yirik operasiya bo‘ladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «Sharq qalqoni» nafaqat mumkin bo‘lgan harbiy tahdidlarning oldini olishi, balki NATO mamlakatlari birligining ramziga aylanishi kerak. Shuningdek, u Polsha qo‘shni Boltiqbo‘yi davlatlari – Litva, Latviya va Estoniya bilan hamkorlikda mintaqada yagona xavfsizlik tizimini yaratish ustida ish olib borishini qo‘shimcha qildi.
Qurilish shu yil boshlanib, 2028 yilga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. Yangi mudofaa chizig‘ining umumiy uzunligi taxminan 700 kmni tashkil qiladi. Polsha rasmiylari ham ushbu loyihani amalga oshirish uchun Yevropa Ittifoqi budjetidan moliyalashtirish uchun ariza topshirgan.
«Temir parda» atamasi Sovuq urush davrida SSSR va uning ittifoqdoshlarini G‘arbiy Yevropa va AQSh davlatlaridan ajratib turuvchi axborot, siyosiy va harbiy to‘siqlarni anglatadi. Bu fuqarolarga nisbatan qo‘yilgan izolyasiya va cheklovlar, shu jumladan chet elga chiqish va chet eldan ma’lumot olish taqiqlarini ramziy qildi.