Polshada “britancha” shtamm va lokdaun
Polsha sog‘liqni saqlash vaziri Adam Nedzelskiyning ma’lum qilishicha, lokdaun 20 martdan kiritilib, 9 aprelgacha davom etadi. Uning davomida savdo markazlari, kinoteatrlar, teatrlar, galereyalar va boshqa ko‘ngilochar maskanlar, suv havzalari va saunalar yopiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari masofadan o‘qishga o‘tkaziladi.
Vazir pandemiyaga qarshi kurashda masofadan ishlashning muhimligini ta’kidlab o‘tgan va ish beruvchilarni o‘z xodimlarini iloji boricha ko‘proq masofadan ishlashga o‘tkazishga chaqirgan.
Nedzelskiyning aytishicha, mamlakatda koronavirus tarqalishi jadallashganiga sabab virusning “britancha” shtammi bo‘lib, u qayd qilinayotgan holatlarning yarmidan ko‘pida (52 foizida) aniqlanmoqda.
“Bizda mahalliy darajada cheklovlar kiritishning boshqa imkoni yo‘q. Birgina yechim ushbu cheklovlarni butun Polshaga joriy qilishdir”, deb qo‘shimcha qilgan vazir.
Bungacha cheklovlar Polshaning vaziyat eng murakkab bo‘lgan 4 ta hududida amal qilayotgandi. Agar vaziyat yanada yomonlashgudek bo‘lsa, qo‘shimcha cheklovlar kiritilishi mumkin.