Parkentdagi zavodda ishlab chiqarilgan 1,1 mlrd so‘mlik qalbaki alkogol mahsulotlari ushlandi
Parkent tumanidagi zavodda ishlab chiqarilgan 1,1 mlrd so‘mlik qalbaki alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi Matbuot xizmati xabar qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning iqtisodiy sohada korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyati, Olmaliq-Ohangaron yo‘nalishidagi A373-magistral yo‘lida o‘tkazilgan tadbirda, 2 ta “ISUZU” rusumli yuk avtomashinalari haydovchilari Parkent tumanidagi spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi “B.G.” MCHJda ishlab chiqarilgan “QR-kod” markirovkasi qalbaki bo‘lgan 4 xil nomdagi jami 25 120 dona umumiy qiymati 1,1 mlrd so‘mlik alkogol mahsulotini MCHJ rahbari SH.X.ning topshirig‘iga asosan Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga yetkazish maqsadida olib ketayotganliklari aniqlangan.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, “B.G.” MCHJning ishlab chiqarish sexi hamda korxona qo‘riqchisi A.A.ning xonadoni ko‘zdan kechirilib, 143 ta o‘ramdagi 14 300 dona qalbaki “QR-kod” markirovka va 14 176 dona aksiz markalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasining xulosasiga ko‘ra, “B.G.” MCHJdan olingan aksiz markalar 2023 yilda ishlab chiqarilganligi, ya’ni hozirda realizasiya qilish taqiqlanganligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, “B.G.” MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar o‘tgan yilda ishlab chiqarilgan aksiz markalarni yo‘q qilinganligi to‘g‘risida soxta dalolatnoma rasmiylashtirib, amalda ushbu aksiz markalardan foydalangan holda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarganliklari, shuningdek 162,5 mln so‘m soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.