Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,8 foizga pasaydi

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,8 foizga pasaydi

Prezident huzuridagi Statistika agentligining ma’lum qilishicha, 2024 yil iyun oyi oxirida meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining mavsumiy pasayishi fonida O‘zbekistonda 0,24 foiz deflyasiya qayd etildi.

Bu 2023 yil iyun oyidagi ko‘rsatkichdan (-0,29%) biroz yuqoriroq. Yillik inflyasiya 10,6 foizgacha tezlashdi.

Iyun oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,8 foizga pasaygan (so‘nggi 5 yildagi minimal ko‘rsatkich, yillik ko‘satkichda — 3,5 foizga o‘sgan). Nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga (7,9 foizga), pulli xizmatlar narxi 0,9 foizga (27,9 foiz) qimmatlashdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tuxum o‘rtacha 1,1 foizga (aprelda — 11,3 foiz, may oyida — 15,6 foiz, yil davomida — 8,5 foiz), sut — 0,5 foiz, shakar — 1,2 foizga, kungaboqar yog‘i — 0,1 foizga, un — 0,4 foizga arzonlashgan.

Guruch yana 0,3 foizga (yil davomida 5,9 foizga), mol go‘shti 0,7 foizga (4,6 foizga), qo‘y go‘shti 1 foizga (5,2 foizga) qimmatlashdi.

Iyun oyida meva-sabzavotlar orasida faqat olma 3,1 foizga (yil davomida 33,2 foizga) qimmatlashdi. Baqlajon 53,9 foiz, pomidor 42,8 foiz, bulg‘or qalampiri 41,3 foiz, qovoq 38,5 foiz, bodring 37,8 foiz, karam 17,7 foiz, piyoz 13,9 foiz, sabzi 1,3 foiz, kartoshka — 0,7 foizga arzonlashdi.

Yillik hisobda tarvuz 20,5 foizga, qovun 43,4 foizga, uzum 87,3 foizga oshgan. Yil davomida kartoshka 2,9 foiz, pomidor 15,1 foiz, sabzi 27,2 foiz, piyoz narxi — 55,6 foizga arzonlashdi.

Uy-joy ijarasi oylik 0,7 foizga va yillik 9,5 foizga oshdi. Sovuq suv ta’minoti va oqova xizmatlari narxlari o‘rtacha 0,5 foizga, maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun esa 2,5 foizga oshdi.

Dori vositalari narxlari o‘sishda davom etdi (QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilingandan keyin) va iyun oyida 1,4 foizga, shu jumladan, stasionar davolash va reabilitasiya xizmatlari narxlarining o‘sishi 4,2 foiz qayd etildi. Oxirgi olti oyda antibiotiklar 19,4 foizga qimmatlashdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, benzin 1,4 foizga, propan 1,9 foizga arzonladi. Metan esa AGTKSh shoxobchalari uchun eng baland narxning oshishi fonida 11,9 foizga qimmatladi.

Temiryo‘l transporti xizmatlari narxi iyun oyida respublika bo‘yicha o‘rtacha 1,8 foizga oshdi. Oy davomida havo qatnovi 0,2 foizga qimmatlashdi. Turistik sayohatlar narxi 1,6 foizga oshdi. Bundan tashqari, davlat bog‘chalari uchun to‘lovlar 20 foizga yuqoriladi, xususiy bog‘chalar 2,4 foizga qimmatlashdi.

Aprel oyining oxirida Markaziy bank asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yilda umumiy inflyasiya prognozini 8−9 foizdan 9−11 foizgacha oshirgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!