«Oreshnik» nima uchun o‘ta xavfli?
9 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga «Oreshnik» gipertovushli raketa bilan hujum uyushtirdi. Hujum Lvov viloyatida, NATO chegarasidan taxminan 80 kilometr masofada amalga oshirilgan. Nishon Ukraina infratuzilmasi bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlardagi tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra esa yer osti gaz ombori zarba ostiga olingan.
Avstriyaning Insbruk universiteti professori, siyosatshunos Gerxard Mangottning ta’kidlashicha, «Oreshnik» raketalari deyarli urib tushirib bo‘lmaydigan qurol hisoblanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Putin mazkur urush davomida qo‘llagan eng xavfli qurol bo‘lib, dunyodagi eng xavfli raketalar qatoriga kiradi. Mutaxassislar baholashicha, Rossiya hozirgacha bunday gipertovushli raketalardan 10–20 dona ishlab chiqargan bo‘lishi mumkin.
Mangott raketa xavfining asosiy sababi uning tezligi ekanini ta’kidlaydi. «Oreshnik» soatiga 12 ming kilometrdan ortiq tezlikda harakatlanadi, bu esa zamonaviy istrebitel samolyotlardan to‘rt barobardan ham tezdir. Shu bois, Arrow 3 yoki Patriot kabi havo mudofaasi tizimlari uni to‘sib qolishga qodir yoki yo‘qligi haqida hozircha aniq texnik ma’lumot mavjud emas.
Bu holat Ukraina ushbu raketaga qarshi amalda imkoniyatsiz ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, eng katta xavf shundaki, «Oreshnik» raketi oltitagacha oddiy yoki yadroviy jangovor qism bilan jihozlanishi mumkin.
Mutaxassisning aytishicha, bitta raketa bir vaqtning o‘zida bir nechta nishonga zarba berishi mumkin, chunki har bir jangovor qism alohida parvoz trayektoriyasiga ega. Bu esa uni to‘sib qolishni deyarli imkonsiz qiladi.
Lvov viloyatida qo‘llangan raketa, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, portlovchi modda bilan jihozlanmagan. Bu esa hujum ko‘proq namoyishkorona va targ‘ibotiy xarakterga ega bo‘lgani haqida xulosa chiqarishga asos beradi. Ayrim tahlilchilar bunga sabab sifatida raketa tajriba bosqichida ekani va tasodifiy zarbalar orqali NATO yoki qo‘shni davlatlarga zarar yetkazish xavfidan qochish istagini keltirmoqda.
Gerxard Mangottning ta’kidlashicha, agar «Oreshnik» jangovor qismlar bilan to‘liq jihozlansa, bu Rossiyaga urushni jiddiy darajada keskinlashtirish imkonini beradi.
