"Oramizdagi qahramonlar": Toshkentda o‘z ishining fidoiylari aks etgan fotoko‘rgazma ish boshladi (FOTOLAVHA)

Toshkentda taniqli fotograf Ernest Kurtvaliyevning "Oramizdagi qahramonlar" fotoko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Ko‘rgazmadan og‘ir sharoitlarga qaramasdan, o‘z ishiga sodiq qolayotgan va fidoiylik ko‘rsatayotgan shaxslarning 40 ta suratlari o‘rin olgan. Fotograf Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Namangan viloyatidagi Mingbuloq koni, Qashqadaryo neft-gaz konlari, Qoraqalpog‘istondagi Tebinbuloq temir konlari, Orol dengizi shelfidagi burg‘ulash qurilmalari kabi ob’ektlarda mehnat qilayotgan qahramon insonlarni o‘z kamerasiga muhrladi.
"Bunday ko‘rgazma O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilmoqda, – dedi Tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Oqilova. – Maqsad o‘ta qiyin, og‘ir sharoitlarda mashaqqat chekib mehnat qilayotgan hamyurtlarimizning fidoiyligini ko‘rsatish. Ular tom ma’noda boshqalarga har tomonlama o‘rnak bo‘la olishadi. Bugungi ko‘rgazmada fotograf Ernest Kurtvaliyevning fidoiy mehnatlari bilan namuna bo‘la oladigan qahramonlar aks etgan eng sara suratlari joylashtirilgan".
Taniqli fotograf Ernest Kurtvaliyev esa nega aynan og‘ir sharoitlarda ishlaydiganlar tanlanganini aytdi.
"Ular ham bizga o‘xshash oddiy odamlar, lekin ish faoliyati biznikidan ancha og‘irroq, – dedi Kurtvaliyev. – Eng muhimi, qiyin, ko‘p mehnat talab qiladigan, bosim katta bo‘lgan ishlarni o‘zlari ixtiyoriy tanlashgan va jonkuyarlik bilan ishlab kelishmoqda. Aynan shuning uchun ham ular oramizdagi qahramonlardir".
Toshkentdagi mazkur fotoko‘rgazma 19 maydan 29 maygacha davom etadi.