Ona tilining inson tarbiyasidagi o‘rnini hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Nazarov bilan O‘zA muxbirining suhbati ona tilimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, ayni paytda adabiy tilni asrash va rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar xususida bo‘ldi.
21 oktyabr – o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun
– O‘zbek tilini rivojlantirish uchun fan va texnika ildam odimlayotgan bugungi zamonda nimalarga e’tibor berish zarur?
– Mustaqilligimizni qo‘lga kiritishning qutlug‘ jarayoni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi bilan boshlandi. Shuningdek, bu sa’y-harakat millatimizni jipslashtirdi. O‘sha paytlarda davlat idoralari qoshida o‘zbek tilini o‘rganish to‘garaklari ochilib, xodimlar malakasi oshirildi. O‘ylashimcha, bugungi kunda ham bunga ehtiyoj bordek ko‘rinadi. Sababi o‘zbek bo‘lib tilimizni bilmaydiganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular oilada boshqa tilda gaplashgan, o‘qigan bo‘lib, muloqotda, xat-hujjatlarda ham o‘zbek tilidan foydalanmaydi...
Mamlakatimiz jadal rivojlanmoqda. Bu jarayon o‘zbek tilining ahamiyatini oshirishga ham xizmat qildi. Buning zamirida xalqimizning manfaati ham turibdi. Endilikda lotin alifbosidagi o‘zbek tilini kompyuterlashtirish, internet tarmog‘ida keng ommalashtirish muhim masalalardan biriga aylandi. Shuningdek, yoz faslida chet davlatlardagi elchixonalarimiz qoshida o‘zbek tilini o‘qitish darslarini tashkil qilish kerak. Toki O‘zbekistonga kelishni istovchi, tilimizni o‘rganishga qiziquvchi xorijlik sayyohlar, tadbirkorlar, olimlar va talabalarga qulaylik bo‘lsin. Bu ishlar kelgusida boshqa davlatlar bilan xalqaro aloqalarimizni rivojlantirishga, turizmni kengaytirishga xizmat qiladi. Idoralararo, internet orqali hujjatlar almashish shakli deyarli rus tilida bo‘lib ketdi. Bir tomondan olib qaraganda rus tilini biladigan millatlar uchun bu ancha qulay. Biroq davlat tili haqida gap ketganda bu masalaga jiddiy e’tibor zarur. Bular o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga, o‘zbek tilimizning rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi.
– Reklama va e’lonlar matnida milliy tilimiz darajasini qanday baholaysiz? Bu jarayonda tilning amaldagi me’yorlariga to‘la amal qilinayaptimi?
– Bu haqda ommaviy axborot vositalarida muntazam gapirilib, jamoatchilik e’tibori shu masalaga qaratilmoqda.
Bugun ko‘chalarimizdagi katta-katta afisha, reklama va e’lonlarga qaraganimizda ingliz, rus tillarida aralashtirib yozilgan jumlalarni ko‘p kuzatamiz. Ba’zilar “Bu zamon talabi...”, deya izoh beradi. Reklama sohasi rivoji uchun bu ishlar kerakdir. Ammo bu ona tilimizni buzib foydalanish mumkin, degani emas-ku. Reklamalarda o‘zbek tilidagi so‘zlarning muqobilidan foydalanib, mahsulotning foydaliligi haqida aholiga axborot berish mumkin. Aslida o‘z mahsulotini sotayotgan tadbirkor faqat o‘z manfaatini o‘ylamay, reklama orqali o‘zbek tilidan unumli foydalanishi kerak. Dunyodagi eng mashhur tijorat kompaniyalari tajribasida ham bu masalaga alohida ahamiyat beriladi. Shu orqali ularni taniyapmiz va bilayapmiz, axir.
– Tilning rivojlanishi, davr bilan uzviy shakllanishi, ijtimoiy hodisaga ega bo‘lishida uning qanday shaklda yozilishi muhimmi? Shu jumladan, kirill va lotin yozuvi asosida o‘zbek alifbolarining kundalik ijtimoiy hayotimizdagi ahamiyati xususida nima deya olasiz?
– O‘zbekistonda mana bir necha yildirki, lotin va kirill yozuvi asosidagi o‘zbek alifbolaridan baravar foydalanib kelinadi. Ta’lim tizimi, maorif sohasida lotin yozuvidan foydalanish borasida ancha ishlar qilindi. Lekin, haligacha bu masala o‘zining aniq yechimini topmagan. Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tish hamon oqsab kelmoqda.
Shunday vaziyatda davlatimiz tomonidan birdan lotin yozuviga o‘tilmay sekin-asta bosqichma-bosqich amalga oshrilmoqda. Bularning barchasi aholi manfaatlarini o‘ylab qilinganidan dalolatdir. Til va alifbo masalasiga yuzaki yondashib bo‘lmaydi. Bu jarayonda aholining barcha qatlamlarining talab va istaklarini ham e’tiborga olish darkor. Aslida ikki alifboni bir-biridan ustun qo‘yib bo‘lmasa ham kelgusida jamiyatimiz taraqqiyotiga ko‘proq xizmat qiladiganiga ko‘proq ahamiyat berish zarur, deb o‘ylayman. Barcha sohalar kompyuterlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib bormoqda. Lotin yozuvidan ko‘pchilik davlatlar aynan kompyuter va internet sohasida keng foydalanadi. Vaholanki, xitoy iyerogliflari ham ancha ko‘p bo‘lishiga qaramay zamonaviy kompyuterlar tilida ishlatiladi. Bu esa Xitoy davlati va xalqining barcha sohalarda rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Fikrimcha lotin alifbosiga o‘tishda aynan shu jihatlarni e’tiborga olish zarur.
– O‘zbek adabiy tilining shakllanishida ijodkorlarimiz qanday fidoyilik ko‘rsatmoqda?
– Til boyligi insonning madaniyati, saviyasi, bilimini ko‘rsatuvchi omildir. Buning uchun, eng avvalo, badiiy asarlarni ko‘p o‘qish lozim, deb o‘ylayman. Jumladan, G‘ofur G‘ulomning prozasiga yetadigani yo‘q bo‘lsa kerak. Uning ijodida doim xalq bilan yaqindan munosabatda bo‘lish, insonlar turmush tarzi, dunyoqarashini o‘z asarlarida aks ettirish ustuvorlik kasb etadi. U xalqona tilda, turli qochirimlarni ustalik bilan qo‘llay olgani uchun ham asarlarini o‘zimizga yaqin olib, sevib o‘qiymiz.
Ona tilimizning inson tarbiyasidagi o‘rnini hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydi. Shu ma’noda adabiyotimiz tili nihoyatda go‘zaldir. Masalan, Alisher Navoiy bobomizdan keyin yaqin o‘tmishdagi Abdulla Qodiriy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, shuningdek, zamondoshlarimiz Xurshid Do‘stmuhammad va Isajon Sultonning ijodida buni ko‘rish mumkin. Bu ijodkorlarning asarlarida o‘zbek tilining tarovati kishiga katta ma’naviy ozuqa beradi. Endi yozuvchining yozuvchiligini, shoirning shoirligini bildiradigan o‘nlab, yuzlab sifatlari bo‘lsa, ular orasida badiiy tilsiz asar mukammal bo‘lishi mumkin emas. Chunki inson tuyg‘usi, hissiyotini, atrofimizni o‘rab turgan butun borliqni faqat so‘z ifodalaydi. Shunday ekan, badiiy adabiyot muvafaqqiyatini belgilovchi jihat – bu til.
Bundan tashqari, ilmiy adabiyot tiliga kelganda oqsashlarimiz oz emas. Agar ingliz, rus tillarida ilmiy asar yozadigan bo‘lsak boshqa xalqlar ham o‘qiydi. Biroq o‘zbek tilida yozish mumkin bo‘lgan jarayonlarni boshqa tillarda bayon etish tilimiz taraqqiyotiga salbiy ta’sir qo‘rsatadi. Bunda o‘zbek tilining manfaatini ko‘zlab aytayapman. To‘g‘ri ba’zida mutaxassislarimiz o‘z ilmiy ishlarida o‘zbekcha terminlarni topishga qiynalib, boshqa tillarda tezroq yakunlashga harakat qiladi. Lekin qachongacha bu jarayon davom etadi. Qiyinchilikni o‘z bo‘yniga olib olimlarimiz o‘z asarini o‘zbek tilida yozishi ham muhimdir. Pirovardida, tilimizning yangi qirralari ham ochiladi. Eng asosiysi, yoshlarimizning tafakkuri rivojiga hissa qo‘shilib, o‘sha sohaning ommalashishiga xizmat qiladi.
– Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ham ona tilimizga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning yorqin ko‘rinishi bo‘ldi. Sohani rivojlantirish, yoshlarning bilim olishi uchun o‘tgan vaqt davomida qilingan sa’y-harakatlar xususida qanday fikrdasiz?
– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bu tashabbusi, shuningdek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakatlari bilan o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, o‘zbek adabiyoti namunalarini chet tillarga tarjima qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yangi universitet o‘zbek xalqining milliy o‘zligini, milliy ma’naviyatini dunyoga ko‘rsatishga, bu borada malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. Endilikda yoshlarimiz o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlarini chuqur o‘rganmoqda. Bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish maqsadida ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qitilmoqda.
Tilimizni e’zozlash, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashda buyuk bobolarimizning hayoti va faoliyati katta ibrat maktabidir. Bunga ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ko‘plab insonlarning ijodi misol bo‘la oladi. Ular ijodidagi nafislik orqali tilimizning beqiyos go‘zalligi hamda boy imkoniyatlari namoyon bo‘lgan bo‘lsa, ilmiy asarlarida uning rivojlanish yo‘llari tahlil qilingan. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari Alisher Navoiyning nafaqat buyuk shoir va mutafakkir, balki o‘zbek adabiy tilining targ‘ibotchisi va fidoyisi ekanidan dalolat beradi. Shuningdek, Bobur Mirzo kashf etgan alifbo – “Xatti Boburiy”da ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasi ham bugun yoshlarimizga haqiqiy o‘rnak bo‘lmog‘i darkor.
Umuman olganda, davlat tili maqomiga ega tilimiz rivoji, uni asrash va taraqqiy ettirish har bir fuqaroning burchidir.
Manba: azon.uz
