"Omad shou" ko‘rsatuvida qonunga zid holat aniqlandi. Chora ko‘rildi

"Omad shou" ko‘rsatuvida qonunga zid holat aniqlandi. Chora ko‘rildi

Badiiy asar, ijod namunalarini yaratish qanchalik mashaqqat va mehnat talab etishini asar yaratgan ijodkorning o‘zi yaxshi biladi. Shunday ekan, har bir ijodkor uchun o‘zi yaratgan asarlari juda qimmatli. Zero, muallifning ruxsatisiz ijod namunasidan foydalanish uning mulkiga xiyonat qilish bilan barobardir.

🎼Kuni kecha Intellektual mulk agentligiga “Sulton Ali” tahallusi ostida ijod qiluvchi Raxmatov Sultonaliga tegishli bo‘lgan “Armon” nomli matnsiz musiqa asaridan huquq egasining roziligisiz foydalanilayotganlik holati yuzasidan tegishli chora ko‘rish to‘g‘risidagi murojaat kelib tushgan.

🕵️Agentlikning o‘rganishlari davomida “Namangan tuman baliqchilik” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan “Omad shou” teleko‘rsatuvida muallif S.Raxmatovga tegishli “Armon” nomli matnsiz musiqa asaridan huquq egasining roziligisiz, hech qanday mualliflik shartnomasini tuzmasdan efirga uzatilayotgani aniqlandi.

📗Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga muvofiq muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega. Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Qonunda ko‘rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.

📗Shuningdek, Qonunning 62-moddasiga ko‘ra huquq egasi bilan shartnoma tuzmasdan uning ijod namunalarini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi.

💢Agentlik tomonidan yuqoridagi holatlarni hisobga olgan holda huquqbuzarlikka chek qo‘yish va uni oldini olish maqsadida tegishli korxona ma’muriyatiga huquqbuzarlikni to‘xtatish hamda shu kabi qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi. Natijada S.Raxmatovga tegishli “Armon” nomli matnsiz musiqa asari “Omad shou” teleko‘rsatuvidan olib tashlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!