Oltin, kumush, neft va gaz — O‘zbekistonda qanday turdagi foydali qazilma konlari bor?
O‘zbekistonda 101 ta oltin va 3 ta kumush koni hisobga olingan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilyos Jumayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Yer yuzida ma’lum bo‘lgan deyarli barcha turdagi foydali qazilmalar aniqlangan. Ular: oltin, kumush, platinoidlar, mis, uran, qo‘rg‘oshin, molibden, volfram, neft, tabiiy gaz, marganes, litiy, xrom, nikel, qalay, tantal, niobiy, kobalt, skandiy, germaniy, reniy.
Bugungi kunda mamlakatda 101 ta oltin va 3 ta kumush koni hisobga olingan. Konlarning asosiy qismi Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari xomashyo bazasi sifatida berilgan.
Davlat balansida jami 2 537 ta foydali qazilma konlari hisobga olingan.
Ular quyidagi konlaridan iborat:
1 855 tasi qurilish materiallari;
296 tasi uglevodorodlar;
128 tasi tog‘-kon xomashyosi;
92 tasi qimmatbaho metallar;
61 tasi tog‘-kimyo xomashyosi;
41 tasi radioaktiv metallar;
31 ta rangli toshlar;
20 tasi rangli va kamyob metallar;
8 tasi ko‘mir hamda yonuvchi slaneslar;
5 tasi qora metall.
“10 ta mis koni hisobga olingan bo‘lib, uning asosiy zaxiralari Toshkent viloyatidagi “Oliy Ziyo”, “Saricheku”, “Qizata” konlariga to‘g‘ri keladi. Qo‘rg‘oshin va ruxning 5 ta konlari ma’lum (Xondiza, Uchquloch, Chinorsoy, Lashkerek, Kulchuloq)”, dedi Ilyos Jumayev.
Hozirda ular Olmaliq KMK tomonidan qazib olinmoqda va kombinatning quvvatlarini istiqbolda 2 barobarga oshirish imkoniyatini beradi.
Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 9 ta kon bo‘yicha volfram zaxiralari hisobga olingan hamda ularning ba’zilari o‘z vaqtida o‘zlashtirilgan. “Qo‘ytosh” va “Ingichka” konlardan zaxiralarning asosiy qismi qazib olingan. Qolgan 4 tasi (Sautbay, Yaxton, Xodjadik, Gussoy) istiqboldagi volfram xomashyo bazasi hisoblanadi.
43 turdagi noruda foydali qazilmalarning 2 085 ta ortiq koni aniqlangan, hozirda ularning 86 foizidan ko‘prog‘i sanoatda o‘zlashtirilgan.
Aytilishicha, bugungi kunda 328 tadan ortiq yer qa’ri uchastkalarida tadbirkorlar tomonidan yangi konlar aniqlash uchun geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.
