Oliy sud va SamDU o‘rtasidagi amaliy hamkorlik yutuqlari e’tirof etildi

Oliy sud va SamDU o‘rtasidagi amaliy hamkorlik yutuqlari e’tirof etildi

Oliy sudning Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i M. Muxitdinov Samarqand davlat universitetining “Huquqshunoslik fakulteti” talabalari bilan muloqot qildi.

Uchrashuv Oliy sud va Samarqand davlat universiteti o‘rtasida imzolangan yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratilgan mazkur uchrashuvda nafaqat istiqbolli rejalar, balki Oliy sud va SamDU o‘rtasidagi amaliy hamkorlik natijasida erishilgan yutuqlar ham alohida e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, Oliy sud qisqa davr mobaynida respublikamizning 6 ta yirik oliy ta’lim muassasasi bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ular orasida Samarqand davlat universiteti alohida o‘rin tutadi.

Mamlakatimizning eng yirik hududlaridan biri hisoblangan Samarqand viloyatidagi sud hokimiyati organlarida ham oliy ma’lumotli yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori.

Shu boisdan ham 2024 yildan e’tiboran mazkur oliygoh talabalariga sud organlarida uzluksiz amaliyot o‘tab, o‘z kasbiy ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishlari uchun imkoniyat yaratildi. Joriy yilning may oyi holatiga yuridik fakultetning 200 nafarga yaqin talabasi bu imkoniyatdan foydalanishga muvaffaq bo‘ldi. Ular orasida hozirdan boshlab sudda ishlash istagida bo‘lgan va kelajakda o‘zini shu sohaning yetuk mutaxassisi sifatida ko‘rayotgan yoshlar borligi g‘oyatda quvonarlidir.

E’tiborlisi shundaki, Oliy sud rahbariyati tomonidan ayni kezdayoq sud tizimida ishlash istagini bildirgan intiluvchan va izlanuvchan talabalarga qonunchilikka ko‘ra mehnat qilish, ish o‘rganish va tajriba orttirish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishi ta’minlanadi.

Uchrashuvda ishtirok etgan talabalar sud tizimidagi bo‘sh ish o‘rinlari, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy kafolatlar, ishga qabul qilish tartibi hamda nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!