Og‘ir atletika: Akbar Jo‘rayev Jahon chempionatini 2 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan yakunladi

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati davom etmoqda.
Biroz oldin -109 kg vazn toifasidagi bahslar yakunlandi.
Quvonarlisi, mazkur vazndagi ikki hamyurtimiz Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nurudinov bugun musobaqani kutilganidek, medallar shodasi bilan yakunladi.
Jumladan, Akbar Jo‘rayev dastlab, 189 kg bilan dast ko‘tarish bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Siltab ko‘tarish bahslarida esa Akbar 226 kg natija qayd etib, kumush medalni o‘ziniki qildi. Ahamiyaltisi, Jo‘rayev ikki kurash natijalariga ko‘ra ham eng yaxshisi bo‘ldi va ikkinchi oltin medalni o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ydi.
Mazkur vazndagi ikkinchi hamyurtimiz Ruslan Nurudinov esa dast ko‘tarish yo‘nalishida 180 kg bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Siltab ko‘tarish bahslarida Nurudinov 227 kg natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ikki kurash natijalariga ko‘ra, Ruslan Akbar Jo‘rayevdan so‘ng kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shunday qilib, Akbar Jo‘rayev musobaqani 2 ta oltin va 1 ta kumush, Ruslan Nurudinov esa 1 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan yakunladi.