Qarzdor korxonaga tegishli "KIA SELTOS" jarima maydonchasiga qo‘yildi
Yurtimizda tadbirkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayrim tadbirkorlarning o‘z imkoniyatlarni to‘g‘ri baholamasliklari oqibatida bo‘lsa kerak, tuzilgan biznes rejalari samara bermayapti. Bu orada kreditlar sud tartibida undirilib, undiruv garov mulklarga qaratilmoqda.
Byuro organlari ish yurituvidagi banklar foydasiga hal qilingan sud qarorlari ijrosini ta’minlash nazoratga olingan bo‘lib, bu borada muayyan ishlar qilinmoqda.
Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 25.10.2024 yildagi sud hujjatiga asosan qarzdor “FAZA-LYUKS” xususiy korxonasidan undiruvchi “GARANT BANK” AJ foydasiga jami 1,2 mlrd. so‘m kredit qarzdorligi undirish, undiruvni garov mulklariga qaratish qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Buxoro shahar tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgan.
Qarzdorlikni bartaraf qilish uchun qonunchilikka muvofiq qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsada, ijro hujjati talablari bajarilmagan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli bo‘lgan, 2022 yilda ishlab chiqarilgan “KIA SELTOS G849” rusumli avtotransport vositasi Buxoro shahrida harakatlanib yurganligi aniqlanib, tegishli tartibda jarima maydonchasiga vaqtincha saqlash uchun joylashtirilgan.
Hozirda, qarzdor korxonaga tegishi bo‘lgan garovdagi boshqa mulklarni aniqlash borasidagi ijro harakatlari olib borilmoqda.