Netanyaxu Putinga Moskvaning Eron bilan hamkorligidan noroziligini aytdi

Netanyaxu Putinga Moskvaning Eron bilan hamkorligidan noroziligini aytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu yakshanba kuni telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beradi ikki tomon rasmiylari.

The Times of Israel gazetasi Isroil bosh vaziri idorasiga tayanib, suhbat 50 daqiqa davom etganini yozmoqda.

Netanyaxuning idorasiga ko‘ra, u Rossiyaning Eron bilan hamkorligidan va “[Rossiyaning] BMT va boshqa joylarda Moskva rasmiylari tomonidan taqdim etilgan HAMASga qarshi urush bo‘yicha Isroilga qarshi pozisiyasidan” noroziligini bildirdi.

“Shu bilan birga, Netanyaxu HAMASni G‘azo sektorida garovda bo‘lgan isroillik rossiyalikni asirlikdan ozod qilishga undagan Rossiyaning sa’y-harakatlari uchun Putinga minnatdorchilik bildirdi”, deyiladi bayonotda.

Isroil bosh vaziri, shuningdek, Putinni qolgan garovga olinganlarni ziyorat qilish va ularga dori yetkazib berish imkoniyatiga erishish uchun Qizil Xochga bosim o‘tkazishga chaqirdi.

Netanyaxu Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyoti tanqidiga to‘xtalib, “7 oktyabr kuni HAMAS hujumiga tenglashtirilgan terror hujumiga uchragan boshqa har qanday davlat bunga Isroildan kam bo‘lmagan kuch bilan javob qaytargan bo‘lardi”, dedi.

Kreml, o‘z navbatida, suhbat G‘azo sektoridagi halokatli gumanitar vaziyatga bag‘ishlanganini ta’kidladi.

“Vladimir Putin terrorizmni barcha ko‘rinishlarida qabul qilmaslik va qoralash haqidagi prinsipial pozisiyasini tasdiqladi. Shu bilan birga, terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashish tinch aholi uchun bunday dahshatli oqibatlarga olib kelmasligi o‘ta muhim”, deyiladi Rossiya prezidenti ma’muriyati bayonotida.

Putin, shuningdek, “tinch aholining azob-uqubatlarini engillashtirish va mojaroning keskinlashuvini yumshatish uchun har tomonlama yordam berishga” tayyorligini bildirdi”, deyiladi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, “Rossiya fuqarolari va ularning oila a’zolarini evakuasiya qilish, shuningdek, G‘azoda saqlanayotgan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi”, deyiladi Kreml bayonotida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!