Navoiyda fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi
Mamalakatimizda inson huquq va manfaatlari davlatimiz tomonidan qonuniy himoya qilib kelinmoqda. Konstitusiyamizda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, mehnatiga yarasha ish haqi olish va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi alohida ta’kidlangan
Biroq, mehnat munosabatlarida ish beruvchi tomonidan xodim ishlagan davri uchun ish haqi noto‘g‘ri hisoblanishi yoki umuman ish haqi o‘z vaqtida to‘lanmasligi hollari tez-tez uchrab turadi.
Xususan, majburiy ijro byurosi Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan ish haqini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarini ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, ayniqsa fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarafshon tumanlararo sudining ijro varaqlariga asosan Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasidan fuqaro K.A.ning foydasiga jami 126,5 mln so‘mlik ish haqi undirish haqidagi ijro hujjatlari yuzasidan Byuroning Zarafshon shahar bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borildi.
Mazkur ijro hujjati darhol ijro qilinishi lozimligi sababli, olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida ish haqi to‘liq undirilishi ta’minlanib, fuqarolar huquqlari tiklanishiga erishildi.
Har bir Ish beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan majburiyatlarini to‘liq bajarib, tashkilot ravnaqiga o‘z mehnatlari bilan hissasini qo‘shayotgan xodimlarining ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lab bersa, ularni ham moddiy ham ma’naviy qo‘llab quvvatlagan bo‘lar edi.