Ilon Mask Eronning BMTdagi doimiy vakili bilan uchrashdi
AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga yaqinligi bilan tanilgan amerikalik tadbirkor Ilon Mask Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy bilan uchrashdi.
Bu haqda The New York Times Eron rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, uchrashuv Nyu-Yorkda maxfiy sharoitda bo‘lib o‘tgan va bir soatdan ortiq davom etgan.
Uchrashuvning asosiy mavzusi Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish yo‘llarini muhokama qilish bo‘ldi. Eron tomoni uchrashuvni “ijobiy” va “rag‘batlantiruvchi” deb baholadi.
Tramp vakillari uchrashuv haqida izoh berishdan bosh tortdi.
Tahlilchilar fikricha, Eron yangi ma’muriyat bilan diplomatik muloqot qilish imkoniyatini saqlab qolishga harakat qilmoqda.
"Asosan, Tramp bilan hamma narsa mumkin", dedi Ali Vayez, Xalqaro inqiroz guruhining (ICG) Eron direktori gazetaga. Uning fikricha, Tramp “Eron bilan kelishuvga erishishdan manfaatdor ko‘rinadi”. Biroq ekspertning qayd etishicha, ayrim maslahatchilar boshqa yondashuvlarni, jumladan Tehronga bosimni kuchaytirishni afzal ko‘rishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp dunyoning eng boy odami Ilon Maskni hukumat samaradorligi bo‘yicha yangi departament hamraisi etib tayinlash niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.