Nahotki: O‘zbekiston AQShdan internetni bloklaydigan texnologiyalarni sotib olganmi?

Nahotki: O‘zbekiston AQShdan internetni bloklaydigan texnologiyalarni sotib olganmi?

O‘zbekiston AQShning Sandvine Inc. kompaniyasidan internet trafikni boshqaradigan texnologiyalarni sotib olgan. Ushbu texnologiyalar internetni senzura qilishda ham ishlatilishi mumkin, deyiladi Bloomberg xabarida.

Asosan internet trafigini boshqarishga mo‘ljallangan kompaniyaning qurilmalari so‘nggi yillarda internetda senzura o‘rnatish maqsadida ham ishlatilgan. Bu davlatlar qatoriga Jazoir, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Misr, Iordaniya, Quvayt, Pokiston, Qatar, Rossiya, Sudan, Tailand, Turkiya, BAA va O‘zbekiston kabi mamlakatlar kiradi, deb yozadi Bloomberg Sandvine kompaniyasining bir nechta sobiq va amaldagi xodimlari hamda kompaniya hujjatlariga asoslanib.

Sandvine texnologiyalari yuqori darajadagi internet ma’lumotlarining davlatlarga kirib kelishi va chiqib ketishini boshqaradi. «Paketlarni chuqur tekshirish» (deep packet inspection) deb nomlanadigan qurilma spam va viruslarni blok qila olishi mumkin. Ammo, kompaniya hujjatlariga ko‘ra, ushbu qurilma orqali millionlab vebsaytlar va messenjerlarni blok qilib qo‘yish mumkin.

Taylandda Sandvine texnologiyalari qirollik oilasini tanqid qiladigan saytlarni bloklashda ishlatilgan. Bloombergning yozishicha, Misr va O‘zbekistonda esa ushbu texnologiyalardan mustaqil yangiliklar vebsaytlarini bloklashda foydalanilgan.

Qurium Media Foundation, raqamli huquqlarni himoya qiluvchi guruh vakilining aytishicha, so‘nggi o‘n yillikda tashkilot Misr, Ozarbayjon, Iordaniya va O‘zbekistondagi mustaqil OAVga yordam bergan. «Ushbu davlatlarda operatorlar Sandvine texnologiyalaridan ko‘plab mustaqil OAV vebsaytlarini bloklashda foydalanishadi», deydi Tord Lyudnstrom.

Bloomberg tomonidan o‘rganilgan hujjatlarga ko‘ra, Sandvine kompaniyasi Misr, O‘zbekiston, Rossiya va Afg‘oniston kabi davlatlarga foydalanuvchilarning vebsayt-brauzerlari tarixi bo‘yicha ma’lumot yig‘adigan texnologiyalarni yetkazgan.

2020 yilning may oyida kompaniya Jazoir hukumatiga 10 million internet foydalanuvchilarining onlayn faolliklari bo‘yicha ma’lumotlarni saqlay olish qobiliyatiga ega qurilmani sotish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Belarusda kompaniya texnologiyalari davlat tomonidan boshqariladigan internet agentlikka sotilgan. Ushbu texnologiyalar avgust oyida ijtimoiy tarmoqlar, yangiliklar saytlari, messenjerlarni bloklashda ishlatilgan, deyiladi Bloomberg xabarida. Shu sababli, sentyabr oyida Sandvine kompaniyasi Belarusda o‘z qurilmalarini sotishni to‘xtatganligini ma’lum qilgan edi.

«Texnologiyaning o‘zi aslida neytral, lekin uni anti-demokratik davlatga berilsa, bu ko‘p zarar yetkazishi mumkin», — deydi Sandvine xodimi.

Sentyabr oyida Sandvine Ozarbayjondagi ilg‘or internet provayderi Delta Telecom bilan YouTube, Facebook va Instagram platformalaridagi jonli efirlarni bloklaydigan tizimni o‘rnatish bo‘yicha ish olib borgan. Armaniston bilan mojaro keskinlashgandan so‘ng, Ozarbayjonda Facebook, WhatsApp, YouTube, Instagram, TikTok, LinkedIn, Twitter, Zoom va Skype platformalariga kirish bo‘yicha muammolar paydo bo‘ldi.

Iyul oyida O‘zbekistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirish bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan edi. Foydalanuvchilar sekin yuklanayotgan yangilik lentalari, izohlar, videolar va fotosuratlar haqida shikoyat qilishgan

O‘zbekistonda Facebook va YouTube ga kirish bilan bog‘liq muammolar 2019 yil oxiri — 2019 yil boshida bir necha oy mobaynida ham kuzatilgan. Rasmiylar buni telekommunikasiya uskunalarini yangilash va tayinlangan nomlar va raqamlar bo‘yicha internet-korporasiyasi — ICANN ning kriptografik kalitini o‘zgartirish bilan izohlashgan edi. Ammo keyinroq manbalar bloklangani ma’lum bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!