Nafs (hikoya)

Nafs (hikoya)

Xurshida turmushga chiqib, otasining maslahati bilan o‘qishini sirtqi bo‘limga o‘tkazdi. Uch yil birga o‘qigan kursdosh dugonalari bilan xayrlashish, qolaversa talabalikning totli damlarini tark etish ancha mushkul bo‘ldimi, ko‘nikishga biroz qiynaldi. Keyin uyi yaqinidagi maktabga ishga kirdi-yu, sevgan kasbi bilan shug‘ullanish ham haqiqiy zavq ekanini angladi.

Endi uning fikr-u zikri yangicha metodlar-u, dars uchun quvnoq o‘yinlar topishdan iborat edi. Yosh emasmi , g‘ayrati ichiga sig‘maydi, hatto ba’zi kunlari ertangi dars uchun xonani bezataman deb, endigina 2 yoshga to‘lgan qizini yaslidan olishga ham kechikib , bog‘cha opalardan dashnom eshitib oladi.

Mayning oxirlari , maktab foyesiga imtihon jadvallari aks etgan e’lonlar ilinganini ko‘rib shunchaki ko‘z yugurtirib , yana qayta o‘qidi. Yosh bo‘lishiga qaramay uni bitiruvchi sinflar imtihoniga hay’at a’zosi sifatida olishibdi. Biroz dovdirab turdi-yu, keyin negadir ko‘ngli yorishdi. O‘zini katta o‘qituvchilardek imtihon olayotgani ko‘z oldiga kelib jilmaydi.

Imtihonni yozma shaklda olib, tekshirishga o‘tirdilar. U tanimaydigan, qandaydir yoshi o‘zidan kattaroq ayollar mulozamat bilan choy damlab keldi. Keyin bilsa, bular ota-onalar qo‘mitasidan ekan.

Ishlarini tugatib, sheriklariga bugun haftaning shanba kuni ekanligini, qizalog‘i yasli ishlamagani bois qo‘shni ayolda qolganini aytib , ketishga ijozat so‘radi. Shunda boya choy damlab kelgan ayol: "Voy, o‘rgilay, hozir issiqqina osh keladi, sizlar uchun atay damladik, rahmat shuncha ta’lim berdinglar, ozgina kutib turing!", — dedi qo‘li ko‘ksida. Xurshida yosh emasmi juda o‘ng‘aysizlanib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzrini aytib ketishga chog‘landi. Shunda haligi ayol chaqqonlik bilan orqasidan kelib, yana o‘sha tabassum bilan: «Shoshmang, mana shunga o‘zingiz bir piyola choy icharsiz, chin dildan» -dedi-yu, qo‘liga konvert tutqazib, og‘iz ochib e’tiroz bildirgunicha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Xurshida yo‘lda ketayapti-yu, o‘zi bilan o‘zi olishib boradi. «Orqasidan borib konvertini qaytarib bersam bo‘lardi, nega unday qilmadim. E, bu o‘zi tabiiy hol, institutda ehhey bunaqa oshlarni talayini damlardik».

Shu alpozda uyiga yetib kelganini ham sezmay qoldi. Uzoqdan qizidan salgina katta qo‘shni qizcha o‘zi tomonga yugurib kelib «Diloromni boshi yorildi!», — deb, uch-to‘rt xotin to‘planib turgan tomonga yugurib ketdi.

Borsa qizalog‘ini tashlab ketgan qo‘shni ayol xijolat bilan: «Ko‘rmaysizmi, gilam yovayotgandik sirpanib ariqchaga yiqilibdi, doktorga oboraymi deb turgandim», dedi jovdirab.
 
Xurshida qon to‘xtamayotganini ko‘rib yuragi qinidan chiqay dedi. Kech bo‘lib qolgani uchun zudlik bilan yaqinroqdagi xususiy shifoxonaga yugurdi.

Xayriyat, xirurg o‘z o‘rnida ekan, qizalog‘ini diqqat bilan tekshirib, «Tikish kerak», –dedi qat’iy. Va ishga kirishib ketdi. Bolasining qo‘rqib dodlashi Xurshidani yuragini battar ezib yubordi. Doktor ishini tamomlab, «Olti ming so‘m bo‘ldi, kassaga to‘laysiz», — deb qog‘oz tutqazganida birdan pulsiz yugurib kelavergani yodiga tushdiyu dovdirab qoldi. Kassa darchasiga yaqinlashganida boyagi ayol tutqazgan konvert yodiga tushdi. Darrov ochib qaradi-yu qotib qoldi. Konvert ichida oltita ming so‘mlik pul turardi.

Mahbuba Bahodir qizi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!