Mutashobih oyatlarning asl ma’nolarini bilish mumkinmi?
Mutashobih oyatlarning ma’nolarini bandalarning bilishlari mumkin yo mumkin emasligi haqida Ahli sunna ulamolarining ikki xil mashhur qarashlari bor:
1. Jumhur mutakallimlar va faqihlarning qarashlari: Mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh biladi, boshqa hech kim bilmaydi.
2. Ibn Abbos, Mujohid va Abul Hasan Ash’ariylarning qarashlari: Mutashobih oyatlarning ma’nolarini ilmda sobit bo‘lganlar bilishlari mumkin.
Ikkala taraf ham o‘z qarashlariga "Oli Imron" surasining 7-oyatini dalil qilganlar. Mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh biladi, deydiganlar bu oyatga shunday ma’no berganlar:
وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلَّا اللَّهُ وَالرَّاسِخُونَ فِي الْعِلْمِ يَقُولُونَ آمَنَّا بِهِ كُلٌّ مِنْ عِنْدِ رَبِّنَا
«Uning ta’vilini Allohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda sobit bo‘lganlar esa: Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir, derlar» ("Oli Imron" surasi, 7-oyat).
Mutashobih oyatlarning ma’nolarini bilish mumkin, deydiganlar bu oyatga quyidagicha ma’no berganlar:
وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلَّا اللَّهُ وَالرَّاسِخُونَ فِي الْعِلْمِ يَقُولُونَ آمَنَّا بِهِ كُلٌّ مِنْ عِنْدِ رَبِّنَا
«Uning ta’vilini faqat Alloh va ilmda sobit bo‘lganlar bilurlar. (Ular): “Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir», – derlar».
Ikkala taraf ham bergan ma’nolarini quvvatlovchi ko‘plab dalillar keltirganlar.
Mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh biladi, deganlarning dalillari:
1. Oisha roziyallohu anhoning quyidagi so‘zlarida mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh bilishiga yorqin dalil bor:
Ibn Abu Hotim Ibn Abu Mulaykdan Oisha roziyallohu anhoning shunday deganlarini rivoyat qilgan: “Ularning ilmda sobit bo‘lishlari, muhkamiga ham mutashobihiga ham iymon keltirishlaridir. Ular uni bilmaydilar».
2. Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh bilishini ochiq-oydin aytgan:
انتهى علم الراسخين في العلم بتأويل القرآن إلى أن قالوا: آمَنَّا بِهِ كُلٌّ مِنْ عِنْدِ رَبِّنَا
Ilmda sobit bo‘lganlarning Qur’on ta’vilini bilishdagi ilmlari: «Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir[1]»da intihosiga yetgan.
Mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh biladi, deydiganlar bulardan boshqa ham o‘ndan ortiq dalillar keltirganlar.
Mutashobih oyatlarning ma’nolarini ba’zi bandalar bilishlari mumkin, deydiganlarning dalillari:
1. Agar mutashobih oyatlarning ma’nolarini ilmda sobit bo‘lganlar bilmasalar, ular bilan johillar orasida farq bo‘lmay qoladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, halol ochiq-oydindir, harom ham ochiq-oydindir, ular orasida mutashobihlar bordir. Ularni ko‘p insonlar bilmaslar»[2], deganlar. Bu so‘zlari ularni oz insonlar bilishlariga dalolat qiladi, o‘sha oz insonlar esa ilmda sobit bo‘lganlardir.
2. Ibn Abu Hotim Zahhokning shunday deganini rivoyat qilgan:
«Ilmda sobit bo‘lganlar uning ta’vilini biladilar. Agar ta’vilini bilmaganlarida, nosixini mansuxidan, halolini haromidan, muhkamini mutashobihidan ajrata olmasdilar».
Mutashobih oyatlarning ta’vilini bilish mumkin, deydiganlar ushbular kabi o‘nga yaqin dalilarni keltirganlar[3].
Ikkala tarafning ham qarashlarini va keltirgan dalillarini tahqiq qilib o‘rganib chiqqan ulamolar quyidagi mulohazalarni aytadilar: Birinchi taraf barcha mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh biladi, birortasining ham ta’vilini bandalarning bilishlari mutlaqo mumkin emas, demaganlar. Ikkinchi taraf ham barcha mutashobih oyatlarning ta’vilini bandalar bilishlari mumkin, demaganlar. Chunki haqiqiy ma’nosini bandalar mutlaqo bila olmaydigan mutashobih oyatlar ham, ilm ma’rifatlari yuqori ba’zi bandalar bilishlari mumkin bo‘lgan mutashobih oyatlar ham bor ekanini biror taraf ham inkor eta olmaydigan haqiqatdir.
Ana shu e’tibordan muhaqqiq ulamolar mutashobih oyatlarning ma’nolarini bilish mumkin yo mumkin emasligi jihatidan uchga taqsimlaganlar:
1. Bandalarning bilishlari mutlaqo mumkin bo‘lmagan oyatlar. Masalan:
أَخْرَجْنَا لَهُمْ دَابَّةً مِنَ الْأَرْضِ
«Ular uchun yerdan bir jonivor chiqaramiz» (Naml surasi, 82-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo yerdan bir jonivor chiqarishini aytgan. Uni qachon chiqarishini Allohdan boshqa hech kim mutlaqo bilmaydi.
2. Bandalarning bilishlari mutlaqo mumkin bo‘lgan oyatlar. Ba’zi oyatlarda notanish lafzlar kelgan. Masalan:
فَأَقْبَلُوا إِلَيْهِ يَزِفُّونَ
«U tomon shoshib, bir-birlarini turtib kelishdi» (Soffat surasi, 94-oyat).
Ushbu oyatda kelgan يَزِفُّونَ kalimasining يَسْرَعُونَ (shoshiladilar) ma’nosida ekanini bilish, mutlaq mumkin hisoblanadi.
3. Faqat ba’zi olimlargina bilishlari mumkin bo‘lgan oyatlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos roziyallohu anhuning haqiga qilgan duolarida bunga ishora bor:
اللهم فقهه في الدين وعلمه التأويل
«Ey Allohim, uni dinda faqih qilgin va unga ta’vilni bildirgin». Ya’ni ushbu duoning barakotidan Ibn Abbos roziyallohu anhu oyatlarning boshqa ko‘pgina olimlar bilmaydigan ta’villarini biladiganlardan bo‘lganlar. Bunga quyidagi rivoyat ham dalolat qiladi: Umar roziyallohu anhu (bir guruh sahobalardan): Alloh taoloning «Izaa jaa’a nasrullohi val fathu» degan so‘ziga nima deysizlar?» – dedi. Ulardan ba’zilari: «Qachon bizga nusrat yoki fath berilsa, Allohga hamd va istig‘for aytishga amr qilindik, deymiz», – dedilar. Ba’zilari esa sukut saqlab biror narsa demadilar. Shunda u menga: «Sen ham shundoq deysanmi, ey Ibn Abbos?!» – dedi. «Yo‘q», – dedim. «Nima deysan? » – dedi. «Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ajallaridir. Alloh buni u zotga bildirdi. Agar Allohning nusrati va fathi kelsa» o‘sha ajalning alomatidir. «Bas, Robbingni poklab yod et va Unga istig‘for ayt. Albatta, U tavbalarni ko‘plab qiluvchidir», – dedim. Shunda Umar: «Allohga qasamki, men ham bu borada faqat sen aytgan narsanigina bilaman, xolos», – dedilar.
Ushbu rivoyat faqat ba’zi olimlargina bilishlari mumkin bo‘lgan oyatlar ham borligiga dalil hisoblanadi.
Manba: azon.uz
