Murojaatchi uyiga yaqin hududda boshlangan qurilish ishlari to‘xtatildi — Ombudsman
Ta’kidlanishicha, mazkur qurilish loyihasi bo‘yicha Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i tayyorlanmagan, ob’ekt Bosh boshqarma huzuridagi Arxitektura shaharsozlik kengashidan o‘tkazilmagan hamda tegishli ruxsatnoma olinmagan ekan.
Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi fuqaro A.S. xonadoni oldidan atiga 5 metrlik masofa uzoqligida qurilish boshlanganidan norozi bo‘lib Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga qilgan murojaati o‘z yechimini topdi.
Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, holat ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganildi.
O‘rganish davomida dastlab, qurilishga oid hujjatlar so‘ralganda tadbirkor tomonidan ular taqdim qilina olmadi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Andijon viloyati Asaka tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limiga Ombudsman so‘rovi kiritildi.
Ombudsmanga ma’lum qilinishicha, mazkur qurilish loyihasi bo‘yicha Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i tayyorlanmagan, ob’ekt Bosh boshqarma huzuridagi Arxitektura shaharsozlik kengashidan o‘tkazilmagan hamda tegishli ruxsatnoma olinmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi “Qurilish sohasiga oid ayrim ma’muriy reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda kelishmasdan bino-inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish ta’qiqlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqaro murojaati ijobiy hal qilinib, aholi yashash hududiga yaqin masofada boshlangan qurilish ishlari to‘xtatildi.