Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan koronavirusning salbiy ta’siri haqida suhbatlashdi

Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan koronavirusning salbiy ta’siri haqida suhbatlashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va Markaziy Osiyo mintaqasidagi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq joriy epidemiologik vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.

Koronavirusga qarshi samarali kurashish maqsadida muvofiqlashgan choralarni ishlab chiqish, o‘zaro ko‘maklashish, tegishli tibbiyot va boshqa aloqador xizmatlar o‘rtasidagi yaqin muloqotlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Pandemiyaning ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish sur’atiga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun oldindan chora ko‘rish lozimligi alohida ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy, investisiya, moliya va transport-kommunikasiya sohalari, shuningdek, hududlararo hamkorlik, shu jumladan poytaxt shaharlar Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi almashinuvlar doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olindi.

Suhbatda O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari mintaqaviy hamkorlikka oid va xalqaro ahamiyatga molik ayrim dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!