Mirzacho‘l tajribasi o‘rganildi​

Mirzacho‘l tajribasi o‘rganildi​
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Jizzax viloyati kengashi tomonidan Mirzacho‘l tumanida Obod qishloq va Obod mahalla dasturlari ijrosini o‘rganishga bag‘ishlangan viloyat namunaviy o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat, tuman va shahar kengashlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi mas’ul xodimlari, fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari Obod qishloq va Obod mahalla dasturlari asosida Mirzacho‘l tumani Gagarin shahrida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Gagarin shahridagi O‘zbek-qozoq madaniyat markazida boshlangan seminar avvalida ishtirokchilarga Mirzacho‘l tumanida amalga oshirilgan ishlar haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan dastlab Do‘stlik tumanining Manas qishlog‘ida namuna sifatida amalga oshirilgan Obod qishloq dasturi Mirzacho‘l tumani markazi Gagarin shahrida yanada keng ko‘lamda hayotga tatbiq etilishi natijasida qilingan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar Obod qishloq va Obod mahalla dasturlari doirasida Gagarin shahrida yangi qurilgan Mirzacho‘l tikuvchilik majmuasi , Davlat xizmatlari agentligi Mirzacho‘l tuman filiali, kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun qurilgan ko‘p qavatli uy-joylar, 2-maktabgacha ta’lim muassasasi, tuman markaziy poliklinikasi faoliyati bilan tanishdi. Bog‘bon va G‘alaba mahalla fuqarolar yig‘inlari ish tajribasini o‘rgandi.
Gagarin shahridagi 6 ta mahallada tashkil etilgan 13 ta shirkat faoliyati, 176 ta ko‘p qavatli uyda va 35 ta ko‘chada amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari, noqonuniy qurilmalar o‘rnida barpo etilgan 94 ta ayvonli tandirxona, 38 ta bolalar maydonchasi va boshqa inshootlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Ayni paytda bu yerda nafaqat ijtimoiy soha, balki iqtisodiyot, ishlab chiqarish korxonalari barpo etish, aholini ish bilan ta’minlashga ham muhim yo‘nalish sifatida alohida e’tibor qaratildi. Dastur doirasida dastlab eski uylarda yashovchi aholini ish bilan ta’minlash maqsadida Mirzacho‘l tikuvchilik majmuasi , Mirzacho‘l chorva kompleksi , Mirzacho‘l teks mas’uliyati cheklangan jamiyatlari hamda non sexi, mini-market, hammom kabi ob’ektlar tashkil etilishi tufayli hududda 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Seminar ishtirokchilari bunday katta bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda mahalla oqsoqollari, faollari, xotin-qizlar, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik bilan qiziqdi. Ushbu masalalarda tajriba almashish bo‘yicha o‘zaro muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Albatta, o‘tgan yili Obod qishloq va Obod mahalla dasturlari doirasida Mirzacho‘ldan boshqa hududlarda ham ish olib borildi. Dastur asosida har bir tumanda 2-3 tadan, umumiy hisobda 33 ta mahalla obod va ko‘rkam bo‘ldi.
Dasturlar doirasidagi belgilangan ishlar viloyatning barcha hududlarida ham bu kabi puxta bajarilgan emas, deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Jizzax viloyati kengashi raisi birinchi o‘rinbosari A.Sattorov. O‘tgan yili tasdiqlangan mahallalarning ayrimlarida ish haligacha boshlangani yo‘q. Bugungi seminardan ko‘zlangan maqsad ham Do‘stlik tumani Manas qishlog‘i va Mirzacho‘l tumani Gagarin shahrida orttirilgan tajribadan foydalanib, aholi farovonligini yuksaltirishda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan bu dasturlarni amalga oshirishni barcha hududlarda tezlashtirishdir.
Davlatimiz rahbari joriy yil 30-31 yanvar kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida 2019 yilda Obod qishloq va Obod mahalla dasturlari doirasida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari ko‘lami yanada kengaytirilishini ta’kidladi.
Seminarda Obod qishloq va Obod mahalla dasturlarini amalga oshirishda, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda faollik ko‘rsatgan mahalla raislari Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi tomonidan faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!