Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik (Jaholatga qarshi ma’rifat bilan)

Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik (Jaholatga qarshi ma’rifat bilan)

Inson yaralibdiki, yaxshilik sari intilishga, yaxshi amallari bilan insonlar ko‘nglidan joy olishga harakat qiladi. Albatta, ba’zida esa xotirjamlik va saxovatni ham sog‘inib qoladi. Ko‘p narsalarni o‘rganadi. Muhimi, o‘rganishlari ichida asosiysi ilm bo‘lib qoladi. Ma’rifatli, saodatli bo‘lib, jaholatga qarshi o‘z ilmi bilan kurashganlar oramizda minglab topilishi mumkin. Ilmsiz taraqqiyot bo‘lmaydi – jaholat saodatmand etmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Jaholatga qarshi – ma’rifat”ni qurol qilgan ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan boy ma’naviy meros o‘ziga xos najot qal’asi, himoya qo‘rg‘oni vazifasini o‘taydi. Shu bois ushbu ulug‘vor qadriyat barcha olimu fuzalolar tomonidan ulug‘langan, muqaddas va mo‘’tabar kitoblarda yuksak ne’mat sifatida e’tirof etilgan. Bu jihatdan, Imom G‘azzoliy, Maxdumi A’zam singari allomalarimiz ilmiy merosi, ayniqsa, Buxoroyi sharifning ulug‘ pirlaridan meros bo‘lib qolgan boy ma’naviy xazina – pand-o‘gitlar beqiyos ahamiyatga ega.

Ularning hayot yo‘lidagi erishgan har bir yaxshiligi, ilmi hamda intilishi ma’rifat sababdir. Ya’ni, yomonlik va jaholatga qarshi ma’rifat bilan javob berganidir. Ular hayotiga nazar tashlasak, barchasi biz uchun ibrat. Barchisi ma’rifat uchun kurashganlardir. Barchasi butun umrini ilm targ‘ibiga baxshida etgan ulug‘ allomalardir.

Shunday allomalardan biri Abu Homid G‘azzoliy o‘zining uzoq yillik ilmiy izlanishlari va kuzatishlari natijasida yuzaga kelgan “Ihyou ulumid-din” asarida ilmga “mutlaq fazilat” ya’ni, hech qanday kuch mahv eta olmaydigan qudrat deya yuksak baho beriladi. Allomaning fikricha, insonlarning butun saodati uchun ikki narsa shart: birinchisi – ilm, ikkinchisi – amal. Mutafakkir ta’kidlashicha, insonning baxtli bo‘lishi uchun ilmning o‘zigina yetmaydi, balki kishi ilmi yordamida tana va ruhini tarbiya qilishga burchlidir.

Ulug‘ alloma Maxdumi A’zam ta’limotida ham ilm va amal birligi targ‘ibi yetakchi o‘rin egallaydi. Ayniqsa, olim “ulusi nafe’”, ya’ni el-ulusga foydasi tegadigan ilmni o‘rganish, kasb-hunar egallash va uni shogirdlarga o‘rgatish ilmli insonning burchi ekanini uqtiradi. Maxdumi A’zam fikricha, jism va nafs halol mehnat tufayli poklanadi, halol mehnat ruh va jismdagi barcha illatlardan qutulishning yagona yo‘lidir. Halol mehnat qilgan inson ikki dunyo saodatiga erishadi, el-ulus orasida hurmat qozonadi. Aksincha, o‘zini dono yoxud dindor sanab, el-ulusdan ajralish, o‘ziga o‘zgacha olam yaratib, o‘sha yolg‘on olamga mahliyo bo‘lib umr o‘tkazish – gumrohlikdan o‘zga narsa emas.

Ezgu fazilatlarni naqshbandiya ta’limoti pirlarining odobu axloqida, ular bitib qoldirgan go‘zal nasihatlarda takror-takror ko‘ramiz. Xojagon tariqatining sarhalqasi hazrat Abduxoliq G‘ijduvoniy ham o‘z ruboiylaridan birida aytadilar:

Ayblarni yopguvchi sattor bo‘lgaysen,

Qalblarni topguvchi g‘amxor bo‘lgaysen.

Alloh rizoligin tilasang, ey do‘st,

El birla adabda hushyor bo‘lgaysen.

To‘rtlikda G‘ijduvoniy hazratlari o‘z muhiblariga insoniyatga yaxshilik qilish, xalqullohga go‘zal odob bilan muomala qilish, ezgulik aylash – eng buyuk saodat ekanini nasihat qilmoqda. Allomaning yana bir o‘gitida inson boshiga o‘zgalardan qanday yomonlik va zahmat kelishidan qat’i nazar, irodali bo‘lish, Yaratganning amriga itoat etish va sabr qilish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan maydonga chiqish sabog‘i beriladi:

Gar senga birovdan shikoyat bordur,

Dardi diling undan bag‘oyat bordur.

Yomonligi o‘zi yomonga jazo,

Intiqom olmoqqa na hojat bordur.

Naqshbandiya silsilasida muhim o‘rin tutgan ikkinchi halqa – Xoja Orif Revgariy ham shogirdlarga shunday ulug‘ nasihatlar qiladilarki, ularning har biri bugungi kun uchun ham olam-olam ma’no va manfaatga egadir: “Ey orif! Pok va pok e’tiqodli bo‘l! Zero, chirkin ko‘ngil butun a’zoyi badanni harom qilgay”, “Odob – nek odamlar ziynatidur”, “Bu dunyoda vujuding bilan va oxiratda qalbing bilan bo‘l”, “Dinning asli – hilmdur. Va hilmning asli – sabrdur”, “Avliyolik alomati uchtadur: birinchisi – baland darajani egallaganda ham kamtar bo‘lmoq, ikkinchisi – sabru toqati yetguncha parhezkorlik qilmoq, uchinchisi – to kuchi yetguncha insof qilmoq”.

Ko‘rinadiki, ulug‘ alloma Xoja Orif Revgariy ham o‘z o‘gitlarida ma’rifatli va sabr-toqatli bo‘lish inson kamolotining muhim sharti ekanligini takror-takror uqtirgan.

Xojagonning ulug‘ piri Xoja Ali Romitaniy inson qalbini dalaga o‘xshatadilar. Agar biz dalaga o‘z vaqtida ishlov bermasak, yumshatib, sug‘ormasak, begona o‘tlardan tozalamasak, shirin er sho‘r erga aylanadi. Lekin ko‘ngilni ham begona o‘tlardan tozalash kerak. Ko‘ngildagi begona o‘tlar – hasad, kibr, yolg‘onchilik, poraxo‘rlik, hirs, shuhratparaslik kabi illatlardir. Xojagon-naqshbandiya tariqati pirlari ko‘ngildagi mana shu begona o‘tlarni yulib tashlash yo‘lini ko‘rsatib berganlar. Bu yo‘l, bu uslub, poklik, halollik, zikr ila hosil bo‘lgay.

Dunyoda ko‘plab shavfqatsizliklarni ham ko‘rishimiz mumkin. Ba’zan oilalarda kelib chiqayotgan turli norizoliklar, bir-biriga bo‘lgan mehrsizliklar, bularning barchasi insoniyatga va uning kelajagiga juda katta ta’sir qiladi. Asosiy sabab farzandlarga berilayotgan tarbiyaning e’tibordan chetda qolayotganligidandir. Kitob, turli hadislar, ma’naviy intilishlarning yo‘qligidandir. Oiladadagi tarbiya avvalo, ota-bobolarimizning buyuk merosi bilan tanishtirishdan boshlanadi. Ular inson botinini, qalbini o‘zgartiradi inson ruhiyatiga ta’sir qiladigan bezavol ne’matdir.

Yuqorida keltirilgan ajdodlarimizning hayotidagi misollar, ularning ma’naviy merosini o‘rganish va o‘z navbatida, farzandlarimizni bu ulug‘vor ne’matdan bahramand qilish – ularni bugungi kunda birmuncha taraqqiy etib borayotgan turli zararli oqimlardan asrab qolishda muhim tarbiyaviy qurol bo‘lib xizmat qiladi. Zero, ulug‘ ajdodlarimiz, jumladan, xojagon-naqshbandiya ta’limoti namoyandalarining yashash tarzi, o‘gitlari, odob-ahloqlari turli zararli oqimlar g‘oyasiga batamom zid bo‘lib, ular ma’naviy merosi insonlarni faqat ezgulik, halollik va poklik, bunyodkorlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga da’vat etadi.

Darhaqiqat, inson har qanday salbiy illatga avvalo o‘zi kurashmog‘i lozim. Dunyo yaralabdiki, u ikki tomon bilan o‘lchanadi. Yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik, jaholat va ma’rifat. Mana shu ikki jihat teng kurashadi. Ularning qay birining g‘olib bo‘lishi bevosita insonning o‘ziga, ichki kuchiga bog‘liq. Agar har bir inson o‘z irodasiga ishonsa, kuchiga tayansa, sabr qilsa hamisha g‘alaba qozonadi, ya’ni yomonlik ustidan g‘alaba qozonadi. Jaholatga qarshi kuch topishga intiladi. Bu esa insonga tom ma’noda kuch bag‘ishlaydi. Intilishini kuchaytiradi. Shuning uchun har bir inson jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmog‘i uchun avvalo, ajdodlar merosini anglamog‘i, ularni o‘rganmog‘i lozim.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini keng singdirish maqsadida mamlakatimizda bir qator amaliy ishlar bajarib kelinmoqda. Xususan,
2019 yilning may oyida “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish asosiy maqsad sifatida belgilab qo‘yilgan. Ta’kidlash lozim, qaror bilan Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi. Dastur doirasida respublika bo‘ylab “Ma’naviyat festivali” va “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” tanlovi o‘tkazilishi, “Bu yilda o‘qish zarur bo‘lgan 100 ta kitob” ro‘yxati tuzilishi qayd etilgan. Bundan asosiy maqsad nima – asosiysi, aholining ma’naviy kamolotini yuksaltirish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etish, shuningdek, ajdodlar merosini o‘rganib, g‘oyalarini singdirishdan iboratdir.

Shuningdek, prezident boshchiligida joriy yilning 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lib, unda bir qator qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar e’tirof etilgan. Shubhasiz, har bir xalq avvalo ma’naviy birlashuvi, milliy g‘oyasi bilan yuksalgan. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yo‘lidan borayotgan mamlakatimizda ham milliy g‘oya masalasi juda muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortib borayotgan ayni damda har bir inson ma’naviy kamolotini yuksaltirishi, millatlararo totuvlikni singdirishi, o‘zligini anglashi, turli salbiy illatlarga qarshi kurashishi shart. Mamlakat rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayni mana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan bir qatorda davlatimiz rahbari loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini ta’kidlab o‘tgan. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish muhimligi ham qayd etilgan. Albatta, yig‘ilish davomida berilgan har bir vazifa inson ongining yuksalishida, joylarda ma’naviy kamolotning rivojlanishida xizmat qiladi.

So‘zimiz xotimasida ajdodlarimizning ijodiga yana bir nazar tashlaymiz: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”. Darhaqiqat, ilmsizlik, jaholat insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishi muqarrar. Kishi jaholatdan qutilish maqsadida ilm talab qilishi uchun albatta yosh bo‘lishi shart emas, balki qaysi yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar, ilmli bo‘lishga harakat qilishi kerak. Ilmsizlik va jaholat jamiyatimizning eng katta dushmani, ayni paytda jamiyat uchun katta ofat ekan, uni faqat ma’rifat urug‘i bilan yengish mumkin. Buning uchun esa barchamiz irodali bo‘lib, ilm olib, maqsad sari intilmog‘imiz lozim. Zero, jaholatga qarshi kurashda ma’rifat bilan javob beriladi.

Sevara Ishmuratova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Umumiy bo‘lim boshlig‘i


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!